XTV bitiruvchilarni ogohlantiradi

Xalq ta'limi vazirligi 16 yoshga to'lgan maktab bitiruvchilaridan o'z vaqtida pasport olishni so'radi. Bu haqda XTV Matbuot xizmati xabar berdi.

«Xabaringiz bor, o'tgan o'quv yilida barchaga qulay bo'lishi uchun oliy ta'lim muassasalariga abiturientlarning hujjatlari Davlat test markazining abitur.dtm.uz sayti orqali onlayn qabul qilindi. Abiturientlar endi avvalgidek oliy ta'lim muassasalariga ovora bo'lib borishlari, uzundan-uzoq navbatga turishlariga hojat qolmadi», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, onlayn hujjat topshirish uchun bitiruvchilarning pasport ma'lumotlari (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami -JShShIR) kiritish talab etiladi. Shu bois, 16 yoshga to'lgan bitiruvchilar o'z vaqtida pasport (ID karta) olishlari zarur.

Bu jarayonda Xalq ta'limi vazirligi DTM bilan o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yib, OTMga hujjat topshirish uchun bitiruvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida attestat.uzedu.uz elektron bazasi DTM abitur.dtm.uz sayti bilan integratsiya qilingan.

Ma'lumot uchun, joriy o'quv yilida maktablarni 437 mingdan ortiq o'quvchilar bitiradi. Bugungi kunda bitiruvchilarning elektron ma'lumotlar bazasi attestat.uzedu.uz saytida 16 yoshga to'lgan 153 mingdan ortiq bitiruvchilar (35%) pasport olmagan.

«Hurmatli ota-onalar, aziz bitiruvchi yoshlar!

Fuqarolik huquqidan foydalangan holda 16 yoshga to'lgan maktab bitiruvchilarining o'z vaqtida pasport olishini ta'minlashingizni so'raymiz.

Maktab ma'muriyatidan esa bitiruvchilarning pasport ma'lumotlarini attestat.uzedu.uz saytiga kiritib, ularni kelgusida oliy ta'lim muassasalariga hujjatlarini topshirishda ko'maklashishga chaqiramiz.

Eslatib o'tamiz, 16 yoshga to'lgan bitiruvchilar pasport olishlari uchun o'zlari doimiy ro'yxatda turgan hududdagi Ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmalariga murojaat etishlari mumkin», deyiladi xabarda.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: