O'zbekiston «Tolibon» bilan nimani muhokama qildi?

Joriy yilning 16 oktyabr kuni Termiz shahrida O'zbekiston va Afg'oniston delegatsiyalarining uchrashuvi bo'lib o'tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

O'zbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardo Umurzakov, Afg'oniston tomoniga esa Muvaqqat hukumat rahbarining o'rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul Salom Hanafiy boshchilik qildi.

Ma'lum bo'lishicha, muzokaralar chog'ida turli vazirlik va idoralar vakillari chegara xavfsizligi, investitsiyalar, o'zaro savdo, energetika, xalqaro yuk tashish hamda tranzit sohalaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Shuningdek, ta'lim va gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish borasida ham fikr almashilgan.

Infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish, xususan, Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasini o'tkazish hamda Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor temir yo'lini qurishga alohida e'tibor qaratilgan.

Tomonlar munosabatlarning ko'rib chiqilgan har bir yo'nalishida o'zaro hamkorlik qilish yo'llarini muhokama qildilar hamda ustuvor sohalarda mavjud masalalarni hal etish bo'yicha birinchi darajali vazifalarni belgilab oldilar.

Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan bir qator ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.

Afg'oniston delegatsiyasi mehmondo'stlik va samarali muzokaralar uchun O'zbekiston tomoniga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: