O'zbekiston: Endi Haj safariga boruvchilarning navbatiga nima bo'ladi?

O'zbekiston tomoni Saudiya Arabistoni hukumatining bu yilgi Haj mavsumini tashkil etish bo'yicha chiqargan qarori yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Saudiya Arabistoni Haj va Umra ishlari bo'yicha vazirligining 12 iyun kungi qaroriga kecha, dushanba kuni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita o'z munosabatini bildirdi.
Saudiya hukumati esa, global koronavirus pandemiyasi bois, yana Haj ziyoratiga chetdan hech kimni qo'ymaslikka qaror qilgandi.
Qo'mitaning bildirishicha, bu haqdagi rasmiy ma'lumot o'zlariga O'zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi Haj va umra masalalari bo'yicha Attashesi tomonidan taqdim qilingan.

Mazkur rasmiy ma'lumotda esa, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog'liqni saqlash, Ichki ishlar hamda Haj va umra vazirliklari tomonidan Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida 13 iyun kuni tashkil etilgan matbuot anjumani va hukumatining bu yilgi Haj mavsumini tashkil etish qarori haqida so'z borgan.
Diniy ishlar bo'yicha qo'mitaning o'z rasmiy bayonotida ma'lum qilishicha, O'zbekiston tomoni ham Saudiya hukumatining bu qarorini qo'llab-quvvatlagan.
Qo'mita mazkur qaror sabab, o'zbekistonlik Hajga boruvchilarning navbatiga nima bo'lishi savoliga ham oydinlik kiritgan.
Bu galgi Haj ziyorati ham global koronavirus pandemiyasi hamon jiddiy muammo bo'lib turgan bir paytga to'g'ri kelgan.

Saudiya Arabistoni bu yil ham chet ellik ziyoratchilarning Haj ziyoratidagi ishtiroklarini cheklagan.
Haj ziyoratini yana faqat mahalliy aholisi va podshohlikda doimiy yashovchi rezidentlar uchungina tashkil etishga qaror qilgan.
Bo'lajak ziyoratchilarning sonini 60 ming bilan cheklagan.
Ularning yoshlarini 18 dan 65 gacha qilib belgilagan.
Barchasining koronavirusga qarshi emlangan bo'lishlari va surunkali xastaliklardan forig' bo'lishlarini shart qilib qo'ygan.
Faqat Pfizer, Astrazeneca, Moderna va Johnson&Johnson vaksinalarigina tan olinishini aytgan.
Saudiya Arabistoni tomoni buni jahonda kuzatilayotgan murakkab epidemiologik vaziyat hamda hojilarning sog'ligini himoya qilishni ta'minlash maqsadi bilan izohlagan.

O'zbekiston Din ishlari bo'yicha qo'mitasining o'zlariga taqdim etilgan rasmiy xatga tayanib ma'lum qilishicha, Saudiya hukumatining ushbu qarori Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, Saudiya ulamolari Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, islom mamlakatlaridagi ko'plab fatvo hay'atlari va boshqa ilmiy markazlar tomonidan ma'qullangan.
Qo'mita ham o'zining rasmiy bayonotida hozirgi vaqtda podshohlikda murakkab epidemiologik vaziyat saqlanib qolayotganini alohida ta'kidlab o'tgan.
Saudiya Arabistonida har kuni o'rtacha 1000 dan ortiq virus bilan kasallanish, 15-20 ta o'lim holati kuzatilayotganini ham ma'lumot o'rnida keltirib o'tgan.
Kecha, 14 iyun kuni e'lon qilingan mazkur bayonot tafsilotlaridan ma'lum bo'lishicha, yuqoridagilarga asoslangan holda, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston musulmonlari idorasi, “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o'tkazish masalalari bo'yicha Jamoatchilik kengashi ham Saudiya Arabistoni hukumatining hojilar manfaatlari, ularning hayoti va sog'ligini himoya qilishni ta'minlash nuqtai-nazaridan qabul qilgan ushbu qarorini qo'llab-quvvatlagan.

O'zbekiston mintaqaning aholisi eng yirik musulmon davlati bo'ladi.
Mamlakat aholisining soni rasman 35 million atrofida ekani aytiladi.
Markaziy Osiyodan Hajga eng ko'p ziyoratchilar ham aynan O'zbekistondan boradi.
Saudiya Arabistoni 2017 yilda O'zbekistonga Haj ziyorati uchun berayotgan kvotalari sonini qariyb 40 foizga oshirgan.
So'nggi yillarda har yil yetti mingdan ziyod o'zbekistonlik Haj ziyoratini ado etib kelgan.
O'zbekiston Din ishlari bo'yicha qo'mitasi esa, o'zining rasmiy bayonoti yakunida Jamoatchilik kengashining eslatmasiga to'xtalib o'tgan.
Saudiya Arabistonining so'nggi qarori manzarasida Haj safariga borishni rejalashtirgan o'zbekistonliklarning navbatlari keyingi mavsum uchun ham saqlanib qolishi ma'lum bo'lgan.
Saudiya tomonining o'tgan yilgi xuddi shunga o'xshash qarori ayrim mintaqa davlatlarida odamlarning Haj ziyorati uchun yiqqan pullariga endi nima bo'lishiga oid savollarni ham paydo qilmay qolmagan.
Tojikiston Ulamolar Kengashi Hajga borolmay qolgan ziyoratchilarga pullarini xayrli ishlar va Vatan obodligi uchun sarflashni maslahat berishgacha borgani xabar berilgan.
Mintaqaviy nashrlardan biriga bildirgan fikrlaridan esa, ayrim tojikistonliklarning Haj uchun yiqqan pullarini qabriston yo'lini ta'mirlash, chetda mehnat muhojirligida band yaqinlarini ortga qaytarish yoki pulsiz qiynalib qolishgani bois, ro'zg'orga sarflashga qaror qilganliklari ma'lum bo'lgan. Yana birlari esa, bu pulga farzandlarining boshini ikkita qilib qo'yganliklarini ham aytishgan.
31 may kuni O'zbekiston Musulmonlari idorasi bundan avval ayrim mahalliy nashrlar va ijtimoiy tarmoqlardagi Saudiya Arabistoni Haj ziyorati qanday o'tkazilishini e'lon qilganiga oid xabarlarni rasman rad etib chiqqan.
Idora Haj va Umra safarlariga oid o'rganishlarni davom ettirgan holda ularga bog'liq xabarlar rasmiy nashrlarda e'lon qilinishini ma'lum qilgandi.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: