O'zbek-afg'on chegarasi vaqtincha yopiladi

O'zbek-afg'on davlat chegarasi orqali fuqarolarning harakatlanishi vaqtincha to'xtatiladi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.

SSV va qator manfaatdor tashkilotlar taklifiga ko'ra, Afg'onistonda koronavirus bilan bog'liq vaziyat keskinlashayotganligini inobatga olib, o'zbek-afg'on davlat chegarasi orqali fuqarolarning harakatlanishi vaqtincha to'xtatiladi.

Qayd etilishicha, Afg'oniston fuqarolariga turistik vizalar berish hamda turistik firmalardan viza talabnomalarini qabul qilish vaqtincha to'xtatiladi.

Faqat “Termiz-avtoyo'l” chegarasi orqali quyidagi toifadagi fuqarolar va transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi:

– diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalar va xalqaro tashkilotlar xodimlari hamda ularning oila a'zolariga;

– xalqaro yuk tashish bilan shug'ullanuvchi haydovchilarga;

– o'z yurtiga qaytayotgan O'zbekiston va Afg'oniston fuqarolariga.

Shuningdek, “Termiz-avtoyo'l” chegarasi orqali O'zbekistonga kirib kelayotgan shaxslarda chegara o'tkazish punktida faoliyat yuritayotgan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan taqdirda O'zbekiston hududiga kiritiladi.

Koronavirus infeksiyasiga musbat natija aniqlangan O'zbekiston fuqarolari esa tegishli hududda joylashgan maxsus klinikalarga davolash uchun yuboriladi.

Ta'kidlanishicha, koronavirus infeksiyasiga musbat natija aniqlangan chet el fuqarolari esa O'zbekistonga kiritilmaydi.

Bundan tashqari, sinov tariqasida O'zbekistonga chegara o'tkazish punktlari orqali kirib kelgan barcha shaxslardan, respublika hududiga kirib kelganlaridan so'ng bir hafta ichida koronavirus infeksiyasiga PZR-testini o'tkazish va bunda test xarajatlarini davlat byudjeti hisobidan qoplash tizimi joriy etiladi

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: