U 11 yil deganda oqlandi, ammo…

“Jinoyatni bo'ynimga olishimni talab qilib, tazyiq o'tkazishdi” – u 11 yil deganda oqlandi, ammo…

Jondor tumanining Pesh­qandoq qishlog'ida yashovchi Ixtiyor Eshmurodov bundan 12 yil muqaddam – jinoyat ishlari bo'yicha Buxoro viloyat sudining 2009 yil 3 avgustdagi hukmiga binoan 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Buni qarangki, 2020 yilning 28 may kuni Ixtiyor aka 11 yil deganda oqlanib, jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinadi. Ammo…
Keling, asosiy fikrga o'tishdan oldin va mushtariylarga tushunarli bo'lishi uchun voqea tafsilotlariga e'tibor qaratsak. Birinchi bosqich sudining hukmda qayd etilishicha, Ixtiyor Eshmurodov o'z hamqishlog'i Tamara Yulliyevaning juda ko'p miqdordagi — 10 164 000 so'm­ga teng bo'lgan 7000 AQSh dollarini (2009 yil 29 yanvar kuni 1 AQSh dollari 1 408 so'm 44 ti­yin teng bo'lgan) qo'lga kiritmoqchi bo'lgan. Shu maqsadda u 2009 yil 29 yanvar kuni kech soat 22:30da T.Yulliyevaning yotoqxonasiga g'ayriqonuniy ravishda bostirib kirib, ayolning o'zi hamda 2000 yilda tug'ilgan nevarasi, voyaga yetmagan Umriya Hamroyevaga hujum qiladi. Ya'ni avvaliga uxlab yotgan, ojiz ahvoldagi T.Yulliyevani bo'g'adi. So'ngra o'zi bilan olib kelgan yog'och tayoq bilan bir necha marotaba uradi.

Keyin voyaga yetmagan Umriyani ham o'ldirish uchun xuddi shu tarzda ketma-ket zarba beradi. Oqibatda buvi va nabira hushlaridan ketib, yiqiladi. Bundan foydalangan I.Eshmurodov esa, ikkalasining ustiga yotoqxonadagi ko'r­pa-to'shaklarni tashlab, yoqib yuboradi-da, voqea joyidan yashirinadi.

Ammo olovning kuydirishidanmi yoki boshqa sababmi, har holda xonadon sohibasi tezda o'ziga keladi. So'ng I.Eshmurodovning chiqib ketganiga ishonch hosil qilgach, qo'ni-qo'sh­nilarini yordamga chaqiradi. Pirovardida ko'pchilik bo'­lib yong'inni bartaraf qilishadi. Aniqrog'i, «mehmon»ning ji­noya­ti o'ziga bog'liq bo'lmagan holda oxiriga yetmay qoladi.

Mazkur jinoiy qilmish sodir etilgach, Ixtiyor Eshmurodovga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi «a»-bandida ko'rsatilgan o'zganing juda ko'p miqdordagi mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida bosqinchilik qilish, shuningdek, 25, 97-moddasi 2-qismi «a, v, j, i»-bandlarida ko'zda tutilgan tamagirlik niyatida ikki yoki undan ortiq ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o'ldirishga suiqasd qilish ayblari bilan jinoyat ishi qo'zg'atiladi.

Jinoyat ishlari bo'yicha Buxoro viloyat sudining yuqorida tilga olingan hukmi bilan u 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. Sudning 2009 yil 3 sentyabrdagi apellyatsiya ajrimi bilan hukm o'zgarishsiz qoladi.

Albatta, I.Eshmurodov shundan keyin jazo muddatini o'tab kelgan bo'lsa-da, vijdoni oldida o'zini mutlaqo aybsiz deb bilardi. Shuning uchun himoyachisi — Buxoro shahridagi «Adolat mezoni» advokatlik firmasi rahbari Toshtemir Adizov 2019 yil 14 dekabr kuni viloyatda o'tkazilgan sayyor qabulda uning nomidan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilovga murojaat qilib, adolatni qaror toptirishda amaliy yordam so'raydi.

Natijada Oliy sud jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atining 2020 yil 6 fevraldagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo'yicha Buxoro viloyat sudining 2009 yil 3 sentyabrdagi apellyatsiya ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangidan apellyatsiya instansiyasi sudida ko'rish uchun yuboriladi.

Mazkur sud jarayonida birinchi bosqich sudi jinoyat ishini ko'rishda Jinoyat-protsessual kodeksi hamda Oliy sud Plenumining tegishli qarori talablariga rioya qilmagani ayon bo'ladi.

— Men hamqishloq bo'lgani sababli jabrlanuvchi Tamara Yulliyevani ham, oila a'zolarini ham taniyman. Lekin uning uyida sodir etilgan bos­qinchilikka mening mutlaqo daxlim yo'q. Bu haqda tergov jarayonida xabar topganman. 2009 yil 29 yanvar kuni kechqurun soat 21:00 larda uyimdan yuz metr naridagi qo'shnim Boqiyev Islomdan DVD disk olib kelib, televizor ko'rib yotdim. Keyin uxladim. Jinoyat yuz bergan kuni uyda bo'lganimni boshqa guvohlar ham tasdiqlashi mumkin. Qolaversa, jabrlanuvchi bilan uyimning orasi 3 kilometr keladi. To'g'ri, Tamara Yulliyevaning turmush o'rtog'i Baxtiyor Yulliyev bilan goh-gohida karta o'ynab turganmiz. Ammo ularnikida pul borligini bilmaganman.

Tergov davrida jinoyatni bo'ynimga olishimni talab qilib, turli jis­moniy va ruhiy tazyiqlar o'tkazishdi. Hatto cho'ntagimga yoki uyimga giyohvandlik vositasini tashlab bo'lsa ham, qa­mash bilan qo'rqitishdi. Keyin meni uch sutka qiynab, barmoq izlarimni olishdi. Biroq men bu jinoyatni qilmaganman, vijdonim oldida o'zimni ayb­siz deb hisoblayman. Shuning uchun adolatli qaror chiqarib, meni oqlashingizni so'rayman, — deya I.Eshmurodov jazoni ijro etish koloniyasida turgan holda videokonferensiya orqali ko'rsatma beradi.

Darhaqiqat, sudlanuvchining qo'shnisi, ayni paytda Rossiya Federatsiyasida bo'lgan Malohat Jumayeva va 2019 yil 2 iyulda vafot etgan Islom Boqiyev birinchi bosqich sudidagi ko'r­satmalarida o'sha kecha I.Eshmurodov uyida bo'lganini tasdiqlashgan. Shuningdek, jinoyat ishi hujjatlarida voqea joyini ko'zdan kechirish 2009 yil 30 yanvar kuni tungi soat 1:20 da, ya'ni voqeadan 3 soatcha o'tiboq o'tkazilgani, barmoq izlari uyga kirish eshigining deraza oynasidan olingani qayd etilgan. Ammo o'sha kecha mahallada chiroq bo'lmagan. Shunday ekan, chiroq yo'qligida ko'zdan kechirish jarayoni qanday amalga oshirilgani, eshik derazasidagi barmoq izi qorong'ida qanday olingani ajablanarli emasmi? Qo­laversa, ko'zdan kechirish jarayoni tunda o'tkazilgani holda bayonnomaga ilova qilingan suratlar kunduzi olingani qi­ziq.

Bundan tashqari, voqea jo­yi­ni ko'zdan kechirish jarayonida fuqarolar Zafar Boboyev va Hamro Hamroyev xolis sifatida ishtirok etgani bayonnomada qayd etilgan. Biroq apellyatsiya instansiyasida so'roq qilingan Z.Boboyev ushbu jinoyat haqida ertasi kuni — 2009 yil 30 yanvar kuni soat 09:00 larda eshitganini, xolis sifatida ishtirok etgan yana bir fuqaro H.Hamroyevni tanimasligini, bayonnomadagi hamda tuman IIB boshlig'i nomiga yozilgan tushuntirish xatidagi imzolar o'ziniki emasligini ma'lum qiladi.

Shu bilan birga, jabrlanuvchi T.Yulliyeva dastlabki tergov jarayonida uyiga kirgan shaxs­ni tanimaganligini, u hech qanday pul va boshqa mulklar talab qilmaganligini, o'sha noma'lum shaxs o'zini timdalab, tan jarohati yetkazganini ta'kidlagan bo'l­sada, keyin esa, uyiga bostirib kirgan shaxs aynan I.Eshmurodov ekanligi va u shafqatsizlarcha urib, pul topib berishni talab qilganini bildirib, ko'rsatmalarini bir necha marotaba o'zgartirgan.

Qonun talabiga ko'ra, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonun normalarini aniq bajarishdan va unga rioya qilishdan har qanday chekinish, u qanday sababga ko'ra yuz berganligidan qat'i nazar, shu yo'l bilan olingan dalillarning maqbul emas, demakki, yaroqsiz deb topilishiga olib keladi.

Aytish kerakki, Jinoyat-protsessual kodeksining 463-moddasiga muvofiq, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo'lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi. Ayblov hukmiga ji­noyat­ sodir etilishining ish bo'yicha barcha mumkin bo'lgan holatlarni tekshirish, ish materiallarida ma'lum bo'lib qolgan barcha kam-ko'stni to'ldirish, yuzaga kelgan hamma shub­ha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig'ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim.

Ana shu asoslarga tayangan jinoyat ishlari bo'yicha Buxoro viloyat sudining apellyatsiya hay'ati sudning 2009 yil 3 avgustdagi hukmini bekor qilib, Ixtiyor Eshmurodovni aybsiz deb topib, oqlaydi. Eng muhimi, yuzi yorug' bo'l­gan qahramonimiz Ohangaron shahridagi jazoni ijro etish koloniyasidan darhol ozod qilinadi. Ammo…

Ammo shundan keyin Ixtiyor Eshmurodovning quvonchi uzoqqa cho'zilmaydi. Negaki tergov organi tomonidan oqlov ajrimiga nisbatan protest kiritiladi. Shu bois Oliy sud jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atining 2020 yil 20 iyuldagi ajrimiga asosan, oqlov ajrimi bekor qilinadi. So'ng jinoyat ishi yangitdan ko'rish uchun jinoyat ishlari bo'yicha Navoiy viloyat sudiga yuboriladi.

Buni qarangki, galdagi apellyatsiya sudida yana ayrim g'ayriqonuniy holatlar aniqlandi. Masalan, I.Eshmurodovning qaynukasi Karim Shodiyev dastlabki tergovdagi ko'rsatuvida 2019 yil 19 yanvar kuni akalari Hasan, Ashur va Vali Shodiyevlar bilan opasining uyiga borishganini, u yerda jahl ustida pochchasining yuziga urgani bois uning burni va og'zidan qon kelganini ma'lum qilgan. Lekin birinchi bosqich sudi ish bo'yicha ashyoviy dalil deb e'tirof etilgan I.Eshmuradovdan olingan binafsha rangli chopondagi qon dog'lari K.Shodiyevga tegishli yoki tegishli emasligini aniqlash maqsadida sudga oid biologik ekspertizasi tayinlab, holatga aniqlik kiritmagan. Qolaversa, sud tomonidan I.Eshmuradovning choponidagi qon dog'lari jabrlanuvchi T.Yulliyevaga yoki boshqa shaxsga tegishli-tegishli emasligini aniqlash uchun DNK ekspertizasi tayinlanib, xulosa olinmagan.

O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018 yil 24 avgustdagi «Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo'llashning ayrim masalalari to'g'risida»gi qarorida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonun normalarini aniq bajarishdan va unga rioya qilishdan har qanday chekinish, u qanday sababga ko'ra yuz berganligidan qat'i nazar, shu yo'l bilan olingan dalillarning maqbul emas (yaroqsiz) deb topilishi qayd etilgan.

Binobarin, Navoiy viloyat sudi 2021 yil 11 yanvar kuni jinoyat ishlari bo'yicha Buxoro viloyat sudining 2009 yil 3 avgustdagi hukmini bekor qilib, Ixtiyor Eshmurodovni takroran oqladi. Shuningdek, sud ajrimida I.Eshmurodovga jinoiy ta'qib natijasida o'ziga yetkazilgan mulkiy, ma'naviy va boshqa ziyon oqibatlarini Jinoyat-protsessual kodeksining 304-313-moddalari tartibida bartaraf qilish huquqi ham tushuntirildi.

Shuni alohida e'tirof etish lozimki, sudlangan shaxsning ikki marotaba oqlanishi amaliyotda deyarli uchramaydigan holat. Bu ham bo'lsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan yuzaga chiqayotgan adolatning, sudlar esa chinakam adolat qo'rg'oniga aylanayotganini to'laqonli va yorqin ifodasidir.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: