Toshkentning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi

1864 yilda Toshkent Qo'qon xonligi tarkibida edi. 1864 yil 1 oktyabrda Mixail Chernyayev boshchiligidagi rus qo'shinlari Chimkent yo'lidan kelib Oqqo'rg'on tepaligiga o'rnashdi va shaharni qamal qilib to'pdan o'qqa tutdi. Toshkentliklar shaharni qattiq turib himoya qildilar. Qo'qondan xonlik lashkarboshisi Mulla Alimqul mingboshi ko'p ming kishilik qo'shin bilan Toshkentga yetib kelgach, Chernyayev qo'shinlari bilan Chimkentga chekinishga majbur bo'ldi. Biroq 1865 yil 27 aprelda Chernyayev qariyb 2000 kishilik qo'shin bilan yana Toshkent tomon yo'lga chiqib, Chirchiq daryosi bo'yidagi Niyozbek qal'asini egallaydi va shaharni suvsiz qoldirish maqsadida Kaykovus arig'i (Bo'zsuv kanali) suv oladigan to'g'onni buzdirib tashlaydi. 9 may kuni shaharning shimoli-sharqidagi Sho'rtepada Toshkent himoyachilari bilan rus bosqinchilari o'rtasida yana qattiq jang bo'ladi.

 

Buxoro amirligi, Qo'qon va Xiva xonliklari Toshkent himoyachilarining yordam so'rab qilgan murojaatlariga rad javobini berdi. Chernyayev fursatni boy bermaslik uchun Toshkentni qamal qildi. Shahar aholisi suvsiz qoldi, oziq-ovqat zaxirasi ham tugadi. 14 iyunda Chernyayev askarlari shaharga bostirib kirishga muvaffaq bo'ldi, ular do'kon va uylarga o't qo'ydilar. 42 kun suvsiz qolgan va ochlikdan tinkasi qurigan Toshkent himoyachilari 17 iyunda ertalab taslim bo'lishga majbur bo'ldilar. Chernyayev shahar ayonlaridan Toshkentning 12 darvozasi ramziy oltin kalitlarini topshirishni talab qildi. Chernyayev buyrug'i bilan uylar yondirildi, egalari otib tashlandi yoki miltiq nayzasi bilan sanchib o'ldirildi, hech kimga shafqat qilinmadi.

 

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: