Toshkent va Dushanbe yil oxirigacha chegara masalasini hal qiladi

Tojikiston va O'zbekiston Prezidentlari tegishli ishchi guruhlarga, jumladan, tadqiqotchilar, kartograflar, Tashqi ishlar vazirligi, chegara xizmatlari vakillariga 2021 yil oxirigacha ikki davlat chegaralarida chegara postlarini o'rnatish tartibini nihoyasiga yetkazib, tasdiqlashni topshirdi. Bu haqda “Aziya plyus” nashri yozmoqda.

Kecha, 27 sentyabr kuni Samarqandda O'zbekiston va Tojikiston hukumat delegatsiyalari ishchi guruhlarining navbatdagi yig'ilishi yakunlangan.

Qayd etilishicha, joriy yilning 20-27 sentyabr kunlari ishchi guruhlarining Samarqandda bo'lib o'tgan muzokaralarida Tojikiston-O'zbekiston davlat chegarasidagi demarkatsiya ishlari muhokama qilingan va olib borilgan dala ishlari natijalari ko'rib chiqilgan. Navbatdagi uchrashuvni Tojikiston hududida o'tkazish to'g'risida kelishuvga erishilgan

Eslatib o'tamiz, tomonlar 2020 yil oxirigacha Tojikiston va O'zbekiston o'rtasidagi davlat chegarasini demarkatsiyalashni yakunlashga qaror qilgandi, biroq, COVID-19 pandemiyasi ushbu jarayonni kechiktirib yubordi.

Ma'lumot uchun, ikki davlat o'rtasidagi davlat chegarasini to'liq delimitatsiya qilish 2019 yilda yakunlangan edi. Tomonlar o'sha vaqtda chegara chizig'ini yozma ravishda kelishib olgan, endi davlat chegarasini belgilash natijasida xaritalarda ikki davlat chegarasining aniq chizig'i ko'rsatiladi.

Tojikiston va O'zbekiston o'rtasidagi o'zbek-tojik davlat chegarasining ayrim uchastkalari to'g'risidagi shartnoma 2018 yil 9-10 mart kunlari O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega davlat tashrifi doirasida imzolangan.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: