“Tolibon” effekti: Tojikiston qochoqlar oqimiga qarshi turish uchun yirik lager qurishni boshladi

Jayxunda afg'onistonlik qochqinlar uchun lager qurilishi boshlandi. Unga 2,24 gektar yer maydoni ajratildi. Bu haqda tuman raisi Abdulhofiz Odinazoda kecha, 28 iyul kuni bo'lib o'tgan matbuot anjumanida e'lon qilgan, deya xabar berdi “Aziya Plyus” nashri.

“Jayxun tumanining Panj jamoatida lager qurish uchun 2,24 gektar yer ajratilib, Tojikiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga topshirildi. Lager atrofini to'sish ishlari esa viloyat byudjetidan amalga oshiriladi. Lagerning qurilishi katta ehtimol bilan respublika byudjeti va boshqa manbalar hisobidan bo'ladi. Tojikiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bu masala bilan shug'ullanadi”, deydi Odinazoda.

Shuningdek, Odinazoda chegalar tinch ekanini ham ta'kidlab o'tgan.

“Panj daryosining boshqa tomonida sodir bo'ladigan hamma narsa qo'shnilarimizning o'zining ishlaridir. Chegara hududimiz esa tinch, muammo yo'q, odamlar kundalik ishlar bilan shug'ullanmoqda”, deydi u.

Shu bilan birgalikda, Tojikiston chegara hududi bo'lgan Panj tumanining rahbari Zarifxo'ja Shohiyon ham chegara tinch ekani va muammolar yo'qligi haqida aytib o'tgan.

“Panj tumani Afg'oniston bilan 56 kilometr chegaraga ega. Oxirgi oyda qo'shni mamlakatda vaziyat yomonlashdi, janglar davom etmoqda. Biroq hech qanday o'q uzish holatlari kuzatilmagan, chegara hududimizdan afg'onlar ham o'tmagan”, deya ta'kidladi Zarifxo'ja Shohiyon.

Qolaversa, Shohiyon tumanda zaxira askarlar tayyor ekanini ham ma'lum qildi.

“Biz ming nafar zaxiradagi askar va zobitlarni ro'yxatga oldik. Ular kerak bo'lsa, davlat chegaralarimizni himoya qilishga tayyor”, deydi tuman rahbari.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: