Tojikiston harbiylari va zaxiradagi askarlar “xavf” signali bilan oyoqqa turg'izildi

Bugun, 22 iyul kuni soat 4:00 da Tojikistonning barcha harbiy garnizonlari “xavf” signali bilan oyoqqa turg'izildi. Bunga mamlakat bo'ylab bir kunlik “Marz-2021” harbiy mashg'ulotlari o'tkazilishi sabab bo'ldi. Xavotir signali Tojikiston Qurolli kuchlari Oliy Qo'mondoni, mamlakat Prezidenti Imomali Rahmon topshirig'i bilan berildi.

Mashqlarda 100 mingdan ortiq askar va ofitserlar, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi va boshqa kuch tuzilmalari, shuningdek, milliy armiyaning 130 mingga yaqin zaxiradagi harbiy xizmatchilar qatnashadi.

Mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo, Dushanbe shahar meri Rustam Imomali, Tog'li Badaxshon avtonom viloyati boshlig'i zaxiradagi podpolkovnik Yodgor Fayzov, So'g'd viloyati rahbari zaxiradagi polkovnik Rajabboy Ahmadzoda va Xatlon viloyati rahbari zaxiradagi polkovnik Qurbon Hakimzoda Prezidentga harbiy garnizonlarning tayyorligi to'g'risida axborot bergan.

Mashg'ulotlarda Tojikiston Qurolli Kuchlari arsenalida mavjud bo'lgan qurol-yarog'lar, zirhli texnika, jangovar va transport samolyotlari, artilleriya va transport vositalari harakatga keltirildi.

Mashqlar yakunida Tojikiston Milliy gvardiyasi hududida harbiy parad o'tkazildi. Unda 10 mingdan ortiq askar va zobitlar, harbiy texnika tantanali marsh o'tkazgan.

Imomal Rahmon mamlakat hukumatining xavfsizlik bloki rahbariyati oldida so'zlagan nutqida armiyaning barcha askarlari va zobitlari, milliy Qurolli kuchlarning zaxiradagi harbiylariga mashg'ulotlarni tezkorlik bilan o'tkazgani uchun minnatdorlik bildirgan. U bunday mashg'ulotlarni yilda 1-2 marta o'tkazish muhimligini ta'kidlagan.

Rahmon bunday keng ko'lamli harbiy mashg'ulot Tojikistonda ilk bor o'tkazilayotganini qo'shimcha qilgan. Bunday mashg'ulot o'tkazilishiga qo'shni Afg'onistonda vaziyatning keskinlashuvi sabab bo'lgan.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: