Sirdaryoda uch kishi ofitsiantni ayovsiz do'pposlab, tishlarini sindirdi

Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, joriy yilning 10 noyabr kuni soat 13:00 da fuqarolar 25 yoshli S.T., 26 yoshli Sh.M., va 19 yoshli B.R.,lar bilan birgalikda bir oy muqaddam qo'shni tuman hududiga borishgan vaqtida mahalliy aholi vakillari bilan o'zaro gap tortishib qolganliklari sababli o'ch olish maqsadida,  Yangier shahar, “Shodlik” MFY hududida joylashgan “GRILL BAR” kafesiga borib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan ushbu kafe ofitsianti 23 yoshli J.X., bilan o'rtalarida o'zaro oldindan bo'lib o'tgan kelishmovchilik negizida qo'llari bilan J.X.ni urib, oyoqlari bilan tepib, yog'och jismdan foydalanib, bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko'rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko'rsatgan holda shafqatsizlarcha J.X.,ni tanasining turli joylariga urib, do'pposlab tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringanlar.

Natijada, fuqaro J.X., o'ng qo'l kichik barmog'i yopiq sinishi, yuqori chap tomon ikkita tishlarining sinib tushishi, tanasining ko'plab shilingan jarohatlari bilan Sirdaryo viloyati ShTTYoMga murojaat qilgan.

Holat yuzasidan Yangier shahar IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan (bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko'rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko'rsatib sodir etilgan bo'lsa) jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

Fuqarolar S.T., Sh.M., va B.R.,lar gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlanganlar.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: