Sadir Japarov: «Biz barcha poraxo'rlarni qusdiramiz»

Sadir Japarov: «Biz barcha poraxo'rlarni qusdiramiz» – Qirg'izistonning yangi Bosh vaziri va muvaqqat prezidenti milliardlab dollar mablag'larni davlat g'aznasiga qaytarmoqchi.

Sadir Japarov Bi-bi-sining Qirg'iz xizmatiga eksklyuziv intervyu berdi.

Dastlabki savol kuni-kecha Qirg'izistonda katta yangilikka aylangan Davlat bojxona xizmati raisining sobiq o'rinbosari Raimbek Matraimovning hibsga olinishi va ozod etilishi to'g'risida bo'ldi.

(Suhbatning to'liq shakli Bi-bi-si Qirg'iz xizmatining YouTube kanaliga qo'yilgan).

Sadir Japarov: Hurmatli odamlar, menga ishonib, meni shu lavozimga tayinladingiz, endi esa menga oxirigacha ishonib, qo'llab-quvvatlanglar. Raimbek Matraimov bo'yicha qarorni men qabul qildim. Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi rahbari uni «hibsga olaman», deb aytdi. Raimbek Matraimov ism-sharifini o'zgartirib, boshqa pasport bilan Dubayga ketishga hozirlanayotgan ekan. U hibsga olingandan keyin, menga qo'ng'iroq qilib, xabardor qilishdi. To'xtab turinglar, yetti o'lchab bir kesaylik, dedim.

Chunki ikki yil avval Almazbek Atambayevni qamadinglar. Raimbek Matraimovdan uch barobar boy, milliardlari bor, bir tiyin to'lattirdingizmi?

Ikki yildan buyon davlat hisobidan boqayapmiz. Qubanch Qulmatovni hibsga oldinglar. Raimbek Matraimovdan ikki barobar boy, davlatga ikki tiyin to'lattirdingizmi? Yo'q! Uni ham davlat hisobidan boqayapmiz.

Xuddi shunday, Albek Ibraimov, Sapar Isakov TES bo'yicha, Eshmatov, Toshmatov va boshqalar haqida gapirishadi. Shularning birontasidan davlat xazinasiga bir tiyin to'lattirdingizmi?

Yo'q! Men boshqa yo'l bilan ketayaman. Mening ish uslubim boshqacha. Biz buni yetti o'lchab, bir kesayapmiz. Masalan, biz Raimbek Matraimovni hozir olib kelib, besh soniyada qamab qo'ya olamiz. U to'rt devor ichida yotadi.

Ammo bir tiyin qaytarmaydi. Axir u hibsga olingandan keyin hisob raqamlari yopiladi. Boshqacha qilib aytganda, biz uni qusdira olmaymiz.

Sud jarayoni bir necha yil davom etadi. Agar biz hozir uni hibsga olib, keyin ishni tergov qilmoqchi bo'lsak, mol-mulkini musodara qilmoqchi bo'lsak, keling, unda bir uyini yoki mashinasini, yana bir ob'yektini olaylik.

Biroq ular 24 million emas, 2 millionga ham etmaydi. Shuning uchun nafaqat Raimbek Matraimov, balki barcha poraxo'rlar qusishini istayman. Biz qusdirish yo'l bilan boramiz.

Agar u bunday qilmasa, hibsga olinadi. Kecha hibsga olingandan so'ng darhol u 80 million so'm to'ladi. Tergov idoralari bilan hamkorlik qiladigan bo'ldi.

Noyabr oxirigacha 2 mlrd so'm to'kadi. Bu endi boshlanishi, hali to'liq o'rganilmagan. Tashiyev ish boshlaganiga atigi uch kun bo'ldi. Uch kun ichida ushlab keldi. Meni ham ishlay boshlaganimga uch kun bo'ldi. Hali biron narsa bo'lmay turib, vahima qilib, «ular ilgari gaplashishgan», «keyin qo'yib yuborishdi», degan so'zlarni to'xtatib, aksincha xalq, jurnalistlar bizga yordam bersangiz.

Agar, jamoatchilik talab qilsa, uni darhol hibsga olish mumkin. Ammo undan qanday foyda bo'ladi? Biz byudjetga pul to'lattiraylik-da. Kamomad yil oxirigacha 30 milliard so'mdan oshiq ekan. Biz pensiya, nafaqa, ish haqqini to'lashimiz kerak. Qisqasi, biz byudjetdagi bo'shliqni to'ldirishimiz lozim.

Qirg'iziston

Bi-bi-si: 2 milliard so'mni to'laydigan bo'ldi, deyapsiz. Agar bundan ham ko'p miqdordagi puli bo'lsa, u qancha?

Sadir Japarov: Ish hali boshlanmagan. Biz shunchaki ushladik. Agar u Dubayga ketganida, biz uni yillar davomida qidirgan bo'lardik. Dubay bilan ekstraditsiya shartnomasi yo'qligi sabab, biz uni qaytarib olib kelolmasdik. Hozir qanchasi qochib yuribdi. Besh-o'n yil qochib yurgan odamlar bor. Avvalgi hukumat kimnidir ushlab kelib, bir tiyin to'lata oldimi? Yo'q! Biz radikal qadamlarga bormay, yetti o'lchab bir kesib, davlat va xalqqa foyda keltiradigan yo'ldan boraylik. Oxir-oqibat, tergov ishlari olib boriladi, keyin ish sudga o'tadi va qaror chiqaradi.

Bi-bi-si: Siz bo'lajak parlament va prezidentlik saylovlarida ishtirok etish bo'yicha hali aniq qaror qabul qilmaganingizni aytgansiz. Hozir qanday qarorga keldingiz?

Sadir Japarov: Agar qonun ruxsat bersa, men ishtirok etaman. Amaldagi Konstitutsiyaga muvofiq, qatnasha olmayman. Biz Jo'g'o'rqu Kengashga Konstitutsiyaning yangi loyihasini yuborayapmiz. Jo'g'o'rqu Kengash bir oy ichida ko'rib chiqib, qaror qabul qilsa, uni xalqqa taqdim etmoqchimiz. Avval ham turli takliflar bo'lgan.

Bundan avval men parlamentda biz ushbu qonunlar bilan saylovda ishtirok etishimiz kerakligini aytganman. Barcha siyosiy kuchlar bilan murosaga kelib, variantlarni ko'rib chiqib va Qirg'iziston manfaatlari yo'lida bir yo'nalishda harakat qilish to'g'risida dastlabki kelishuvga erishilgan. Endi, agar o'sha qonun qabul qilinsa, qaror qabul qilamiz. Men hali qaror qabul qilmadim.

Bi-bi-si: Siz parlament va prezident saylovlarini xolis va adolatli o'tkazishga va'da berayapsiz. Qanday aniq qadamlar bilan ish qilmoqchisiz?

Sadir Japarov: Biz o'ttiz yil ichida uchinchi inqilobni boshdan kechirmoqdamiz. Ushbu inqiloblar nopok saylovlardan kelib chiqdi. Birinchisi «Olg'a Qirg'iziston» partiyasidan ketdi, ikkinchisi ham prezident saylovlarini imkon qadar tezroq o'tkazilishi ortidan va endi uchinchisi bu bo'layapti. Mening maqsadim – saylovlarni qanday bo'lmasin, xoh byulleten yoki elektron quti orqali bo'lsin, toza o'tkazish.

Men Markaziy Saylov Komissiyasiga blokcheyn tizimini joriy etishni buyurdim. Bunga 25 million dollar atrofida pul sarflanar ekan. Bu pulni ham topayapmiz. Biz blokcheyn tizimini joriy qilamiz. Balki yaqinlashib kelayotgan saylovlarga ulgurib qolarmiz. Agar ulgurmasak, uni saylovdan keyin albatta kiritamiz. Blokcheyn tizimida maxfiylik himoya qilinadi.

Botkenda ovoz bersangiz, u darhol chiqadi. Agar u o'g'irlangan bo'lsa, to'rtta markazning uchtasi uni to'sib qo'yadi. Bunday tizimda ovozlarni soxtalashtirish mumkin emas. Biz bunday tizimni o'rnatamiz. Bu vaqt talab qiladi, lekin men uni o'rnatib ketaman. Shunda saylov bilan bog'liq muammolar bo'lmaydi. Nopok o'tmish muammosi yo'qoladi.

Bi-bi-si: (Raimbek Matraimov esa, Qirg'izistondagi noqonuniy tovar almashuvi (kontrabanda), hamda pul yuvish va poraxo'rlik bo'yicha jurnalistik surishtiruvlarda gumonlanayotgan shaxs sifatida tanilgan).

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: