Pandemiya munosabati bilan Yangi yil bayramlari bekor qilinmoqda! Bizdachi?

Rossiyaning Moskva shahrida 2020 yilda pandemiya tufayli Yangi yil tadbiri, Rojdestvo yarmarkalari va festivallari bekor qilinadi. Bu haqda «RBK» xabar berdi, deb yozmoqda “teznews.uz” nashri.

Ma’lum qilinishicha, Moskva ko‘chalarida 2020 yil Yangi yil yarmarkalari tashkil etilmaydi. 10 noyabr, seshanba kuni Moskva meri Sergey Sobyanin shaharda mavjud cheklovlarni yanvar oyining o‘rtalariga qadar amal qilishini e’lon qilgan.

Ta’kidlanishicha, 2019 yil 13 dekabrdan 2020 yil 12 yanvargacha Moskvada «Rojdestvoga sayohat» Yangi yil festivali bo‘lib o‘tgan. Festival Moskvaning 40 ga yaqin turli joylarida bo‘lgan va asosiy bayram tadbirlari Manejnaya hamda Qizil maydonlarda o‘tkazilgan.

Shahar meriyasining xabar berishicha, 2019 yilgi Yangi yil festivali davomiyligi va tashrif buyuruvchilar soni bo‘yicha rekord o‘rnatgan. Festivalda 26 milliondan ortiq kishi ishtirok etgan.

Xabarga ko‘ra, Moskva meri yaqin haftalarda shahar hokimiyati koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishini kutayotganini ta’kidlagan. Shaharda 15 noyabrdan yanvar oyining o‘rtalarigacha mer qarori bilan yangi cheklovlar joriy etilgan.

Sergey Sobyanin shahar hukumati kelayotgan Yangi yil bayrami konsertlari hamda boshqa tadbirlarning bekor qilinishi natijasida muassasa va korxonalarni keraksiz xarajatlardan qutqarishni istayotganini aytgan.

Avvalroq O‘zbekistonda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat sababli Mustaqillik kuni yirik bayram tadbirlari o‘tkazilmasligi ma’lum qilingan edi.

Янгиликни дўстларингизга ҳам юборинг: