Pandemiya chipta narxlariga ta'sir ko'rsatmaydimi?

2020 yilda keng tarqalgan “COVID-19” koronavirus pandemiyasi butun dunyo ahliga jiddiy xavf tug'dirib, millionlab insonlarning umriga zomin bo'ldi.

Pandemiya tufayli yurtimizda ham Respublika maxsus komissiyasining qarori asosida karantin e'lon qilinib, ma'lum muddat ko'plab korxonalar faoliyati, transport harakatlari, ayniqsa, mahalliy va xalqaro yo'nalishlarga qatnaydigan avia, temir yo'l hamda avtomobil qatnovlari butunlay to'xtatildi. Mana shunday xavfli epidemiya davrida “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati Rossiya davlatida qolib ketgan fuqarolarimizni yurtimizga olib kelish uchun barcha chora-tadbirlarni ko'rdi. Maxsus poezdlar tashkil qilib, Rossiya davlatidan minglab yurtdoshlarimiz O'zbekistonga olib kelindi.

Jamiyatda pandemiya tufayli yuzaga kelgan inqiroz oqibatlarini bartaraf qilish, ishchi xodimlarga oylik maoshlarini muntazam ravishda berib borish borasida qanday ishlar amalga oshiilrdi?

Bu haqda “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi”AJ ning strategik rivojlantirish va biznesni rivojlantirish bo'limi boshlig'i Jahongir DAVLETOVdan intervyu oldik.

– Inqirozga qarshi chora-tadbirlar doirasida davlat byudjetidan 54 milliard so'm ko'mak berildi, – deydi J.Davletov. –Ushbu mablag' olti oy karantin paytida mavjud texnikalarni soz holatda saqlash va tizimdagi qariyb olti ming nafar xodimni ishdan bo'shatmasdan ushlab turishda ham qo'l keldi. Bundan tashqari, temir yo'l vokzallarini, barcha vagonlar hamda bino va inshootlarni dezinfeksiya qilishga, shuningdek, himoya niqoblari, antiseptik vositalari xarid qilishga yo'naltirildi.

2020 yil avgust oyidan boshlab mahalliy yo'nalishlarda bosqichma-bosqich poezdlar qatnovi yo'lga qo'yildi.

– Bilishimizcha, xalqaro yo'nalishlarda hali qatnovlar boshlanmadi. Lekin o'sha poezdlarda faoliyat olib borgan vagon kuzatuvchilari qanday qilib ish bilan ta'minlandi?

– “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi”AJ tomonidan bunga alohida e'tibor qaratildi. Karantin talablari yumshatilgandan so'ng, ichki turizmni rivojlantirish, mahalliy yo'nalishlarda poezdlar qatnovini yanada ko'paytirish, shu orqali qo'shimcha daromad topib, ishchi xodimlarni ish, oylik maosh bilan ta'minlash borasida samarali ishlar olib borildi. Jumladan, Andijon – Termez, Andijon – Nukus, Andijon – Xiva, Andijon – Buxoro, Xiva – Termez kabi 10 ga yaqin yo'nalishlarda poezdlar qatnovi yo'lga qo'yildi. Yaqinda Toshkent – Namangan – Andijon yo'nalishida poezdlar qatnovi boshlandi. Bu esa yo'lovchilarga transport xizmatlari ko'rsatish ko'lamini oshirish bilan bir qatorda, xalqaro yo'nalishlardagi poezdlarda faoliyat olib borgan 800 nafardan ziyod vagon kuzatuvchilarining barchasini ish bilan ta'minlash imkonini ham berdi.

– Narxlarning oshishi haqidagi xabarlar doim turli fikrlar va mish-mishlarga sabab bo'lishi hech kimga sir emas. Bunday ma'lumotlar ba'zida tasdiqlanadi, ba'zida esa yo'q. Pandemiya davrida sarf- xarajatlar ortgani aniq. Bu chipta narxlariga ta'sir qilmadimi?

– Xabaringiz bor pandemiya davrida jamiyatimizning faoliyati ancha sustlashib qoldi. Oylab poezdlar qatnovi to'xtab qoldi. Keyin yurtdoshlarimizni karantin hududidan manzillariga yetkazib qo'yish uchun maxsus poezdlar qatnovi tashkil qilindi. Rossiya va boshqa davlatlardan yurtdoshlarimizni olib kelishda ham faol ishtirok etdik. Bunda bir tarafga bilet sotildi va xarajatlar oshib ketdi. Shunga qaramasdan karantin talablari yumshatilgandan so'ng ham chipta narxlari o'zgartirilmadi.

O'tgan ikki yilni olib qaraydigan bo'lsak, 2019 yilda 131385 nafar yo'lovchiga imtiyozli chiptalar sotildi. 2020 yilda esa pandemiyadan oldin hamda karantin talablari yumshatilib, poezdlar qatnovi yo'lga qo'yilganidan so'ng 57 ming 669 nafar yo'lovchiga imtiyozli chipta sotildi. Bu ham xarajatlarning birmuncha ortishiga omil bo'ldi.

Shu bois, pandemiya paytidagi inqirozlarni bartaraf qilish, ishchi xodimlarni muntazam ravishda ish bilan ta'minlash maqsadida ayrim xarajatlari qoplanmayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga zarari tegmaydigan yo'nalishlarda chiptalar narxini qayta ko'rib chiqish ishlari olib borilmoqda.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: