Ozarbayjon va Armaniston asirlarni qaytarmoqda.

Qorabog' masalasida

10 noyabr kuni Kreml saytida Ozarboyjon, Armaniston va Rossiya tomonidan imzolangan tinchlik bitimi matni e'lon qilindi. Asosiy gaplar quyidagicha:

— Ozar va arman armiyasi Qorabog'da o't ochishni batamom to'xtatadi. Egallab turgan pozitsiyasidan siljimaydi. Otashkesni maxsus tinchlikparvar kuchlar nazoratga oladi.

— Tomonlar asirga olingan va dushman askar murdalarini o'zaro almashadi.

— Rossiyaning tinchlikparvar kuchlari besh yil muddatga Qorabog'ga kiradi, tomonlar roziligi bilan muddat yana cho'ziladi.

— Shusha shahri Ozarboyjon nazoratida qoladi.

— Armaniston Bokuga yana uch shaharni qaytaradi. Bular Ag'dam, Kelbajar va Lochin. Armanlar qo'lida esa Xonkeldi (Stepanakert – Qorabog' markazi), Oqdara (Mardakert), Xo'javand (Martuni) va ozar armiyasi tomonidan qo'lga olinmagan sobiq Qorabog' avtonom oblast hududining bir qismi qoladi.

— Lochin shahrida Armaniston va Qorabog'ni bog'lab turuvchi 5 km yo'lak qoldiriladi. Yo'lak rus armiyasi tomonidan qo'riqlanadi.

— Armaniston Ozarboyjonning Naxchivon avtonom respublikasi bilan xavfsiz aloqa qilishini kafolatlaydi. Bu yerdagi yo'lakni ham ruslar qo'riqlaydi.

— Ichki migratsiya, qochoqlarning qaytishi va aholining ko'chishi masalasi BMT maxsus komissiyasi nazoratiga olinadi.

Ruslarning 1960 nafar askari, 90 BTR va 370ta avtomobil hamda maxsus texnika vositalari allaqachon Qorabog'ga jo'natilgan. Aliyev bu yerga turk armiyasi ham joylashtirilishi haqida aytgandi, ammo rasmiy bitimda bu haqda gap yo'q. Qorabog'da tashkil etilgan va tan olinmagan Arsax davlatining maqomi haqida ham bitimda so'z yuritilmagan. Demak, BMT xavfsizlik kengashi qarori o'z kuchida qolaveradi.

Unga ko'ra, Qorabog' hududi Ozarboyjonga tegishli va Armaniston u yerdan armiyasini olib chiqishi zarur. Bitim uzoq muddatli istiqbolda Qorabog' kimniki bo'lishini hal qilmagan.

Bitimni e'tibor bilan o'rgansak, urushda Ozarboyjon 25 yil avval yo'qotgan hududlariga qo'shib, Shushani ham nazoratiga olganini anglaymiz. Bu esa istalgan paytda Qorabog' markazini egallab olish imkoniyatini beradi. Ruslarning besh yillik mandati esa armanlar uchun Qorabog'ni tark etib, boshqa hududga tinch yo'l bilan ko'chib olishi uchun bir muddat kabi qaralishi mumkin. Shuning uchun, rus armiyasi yo'laklarni nazorat qilyapti.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: