«Olmaliqda misning zaxirasi 45 million tonna, oltin zaxirasi 5 ming tonnadan ko'proq» — Shavkat Mirziyoyev

Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev amalga oshirilayotgan loyihaning ahamiyatiga alohida to'xtaldi.

“U Toshkent viloyatining Qurama tog'lari bag'ridagi boy xomashyo zaxirasiga ega bo'lgan konlar hisobidan kombinatning uzoq yillar samarali va barqaror faoliyat ko'rsatishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

O'tgan uch yil mobaynida kombinat konlarida umumiy uzunligi 206 ming metr bo'lgan 475 ta quduq burg'ilandi. Xalqaro miqyosda tan olingan xorijdagi laboratoriyalarda ushbu konlar rudasining 100 mingdan ortiq namunalari kimyoviy tahlillar asosida chuqur o'rganildi.

Ana shunday ilmiy tadqiqotlar natijasida, xalqaro baholash mezonlariga ko'ra, bu yerdagi misning yalpi zaxirasi – mana shu raqamlarga alohida e'tibor berishingizni so'rayman – 45 million tonnani, oltin zaxirasi esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etishi aniqlandi.

Bu raqamlar esa, dunyodagi eng yirik, noyob oltin va mis konlari aynan mana shu hududda joylashgan deb aytish uchun, to'la asos bo'la oladi.

Shuningdek, bu yerda qazib olinayotgan ruda tarkibida kumush, molibden, selen, tellur, reniy va boshqa nodir metallar borligi ham aniqlangan.

2030 yilga borib mis mahsulotlariga bo'lgan ehtiyoj kamida 40 foizga ortishi prognoz qilinmoqda. Ishonch bilan aytish mumkinki, Olmaliq kombinati ishlab chiqaradigan mahsulotlarga xalqaro talab uzoq yillar davomida saqlanib qoladi.

 

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: