Olimpiadaning oltinchi kunida o'zbekistonlik sportchilar qanday natija qayd etishdi?

Bugun, 29 iyul kuni Olimpiya o'yinlarida 6 nafar o'zbekistonlik sportchi bahslarda ishtirok etdi.

Boks: Tokio Olimpiadasida boksning +91 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan o'zbekistonlik Bahodir Jalolov o'zining ilk jangini o'tkazdi va g'alaba qozondi.

Dunyo reytingida birinchi o'rinni egallab turgan Jalolovga ozarbayjonlik Muhammad Abdullayev raqiblik qildi. Bellashuv davomida ustunlikka erishgan surxondaryolik Jahon chempioni hakamlarning qarori bilan g'alabaga erishdi. Jalolov ikkinchi raundda raqibini nokdaun holatiga tushirishga ham ulgurdi.

Uning chorak finaldagi raqibi hindiston vakili Satish Kumar bo'ladi.

Boks bo'yicha -75 kg vazn toifasida Olimpiya o'yinlarida ishtirok etayotgan O'zbekiston vakili Fanat Qahramonov nimchorak finalda qozog'istonlik bokschi Abilxan Amanqulga qarshi ringga ko'tarildi.

Birinchi raundda ustunlikka erishgan Qahramonov qolgan raundlarda tashabbusni boy berdi.

Bunga qadar, Fanat Qahramonov ilk bosqichda gruziyalik Giorgi Xarabadzega qarshi ringga ko'tarilib, texnik nokaut evaziga g'alaba qozongandi.

-51 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan bokschi Tursunoy Rahimova turkiyalik Buse Naz Chaqiro'g'lu bilan kechgan murosasiz jangda ustunlikka erishgan edi. Biroq hakamlarning qarori yakunda jahon reytingi yetakchisi hisoblangan Chaqiro'g'luning g'alabasini e'tirof etdi — 3:2.

Ilk bosqichda polshalik Sandra Drabikka qarshi ringga ko'tarilgan Rahimova raqibi ustidan 4:1 hisobida zafar quchib, Olimpiya o'yinlarida g'alaba qozongan birinchi o'zbekistonlik bokschi qiz sifatida qayd etilgan edi.

Dzyudo: -100 kg vazn toifasidagi o'zbekistonlik dzyudochi Muhammadkarim Xurramov nimchorak finalda yaponiyalik jahon chempioni Aaron Volfga qarshi tatamiga ko'tarildi.

Bellashuvda yaponiyalik sportchi o'zining texnik jihatdan kuchli ekanligini ko'rsatgan holda “ippon” bahosi evaziga g'alabani qo'lga kiritdi. Xurramov esa, musobaqani tark etdi.

Eshkak eshish: Akademik eshkak eshish bo'yicha ishtirok etgan Shaxboz Xolmurzayev va Sobir Safaraliyev ham bugun bahslarda ishtirok etdi. “S” finalda (medallar uchun emas 13 dan 18-o'ringacha bo'lganlarni aniqlash uchun o'tkaziladi) o'zbekistonlik eshkak eshuvchilar 6 jamoa ichida to'rtinchi bo'lib marraga yetib kelishdi.

Shu tariqa, Olimpiadaning oltinchi kunida ishtirok etgan 6 nafar sportchilar orasida faqatgina Bahodir Jalolov o'z ishtirokini davom ettiradi. U navbatdagi jangini 1 avgust kuni o'tkazadi.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: