Nima muhim – Tolibonmi yoki Afg'on xalqi?

Dunyo rahbarlarining boshi qotgan: Tolibonni Afg'onistonning legitim hukumati sifatida tan olish-olmaslik va mamlakat xalqi yuz tutayotgan insonparvarlik inqirozi.
Jahondagi yirik 20 lik rahbarlari Afg'onistondagi vaziyatni muhokama etishga yig'ilishar ekan, xorijiy qo'shinlar mamlakatdan chiqib ketgani ortidan u yerdagi ahvol yana og'irlashishishiga yo'l qo'yib bo'lmaydi, degan fikrga qo'shildilar.
Yirik 20 rahbarlari Afg'onistondagi iqtisodiy falokat oldini olamiz deya va'da berdilar.
Xalqaro yordam tashkilotlari oddiy afg'onistonliklarning hayoti og'irlashib borayotganidan, Afg'oniston insonparvarlik inqiroziga ro'para kelayotganidan ogohlantirmoqdalar.
Birlashgan Millatlar tashkiloti Afg'onistonga milliardlab dollar yordam kerakligini aytmoqda, yirik 20 lik rahbarlarini mablag' ajratishga chaqirgan.
Virtual shaklda o'tgan sammitda rahbarlar inqiroz oldini olish maqsadida Tolibonning yangi hukumati bilan hamkorlikdan o'zga chora yo'q degan fikrga qo'shildilar.
Yirik 20 lik sammitida gapirgan Germaniyaning lavozimini tark etayotgan Kansleri Angela Merkel, Afg'oniston boshboshdoqlik ichida qolishiga yo'l qo'yib bo'lmasligini, Tolibon boshqaruvi ostida Afg'oniston iqtisodiyoti barbod bo'lishidan dunyo naf ko'rmasligini aytdi.
Germaniya Afg'onistonga insonparvarlik ko'magi uchun 600 million Yevro ajratishga tayyorligi aytildi.
Yevropa Komissisi rahbari Ursula fon der Leyen Afg'oniston va Afg'oniston qochqinlarini qabul qilgan qo'shni mamlakatlarga 1 milliard dollar ajratishni taklif etdi.
Buning 300 million dollari Afg'onistondagi gumanitar falokat oldini olishga yo'naltirilishi aytildi.
AQSh Prezidenti Jo Bayden urg'ulashicha, ko'maklar to'g'ridan-to'g'ri Tolibonga emas, mustaqil xalqaro tashkilotlar orqali Afg'onistonga yetkazilishi kerak.
BMT Bosh Kotibi Antoniu Guterrish ham pullarni yangi Afg'on hukumatiga emas, mamlakat iqtisodiyotiga yotqizishni yoqlab chiqqan.
Qator sammit ishtirokchilari Afg'onistonga yordamlar Tolibonning inson haqlariga rioya etishiga bog'liq qilib qo'yish lozim degan fikrni bildirganlar.
“Men ayniqsa, Tolibonning qizlar va ayollar borasidagi bergan va'dalarini bajarmayotganlaridan tashvishdaman”, deb aytgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Sammitda Afg'onistonning yana xalqaro terrrorchi guruhlar makoniga aylanishiga yo'l qo'yib bo'lmaydi deyildi.
Yirik 20 lik sammiti Tolibon bilan AQShning Dohadagi bevosita muzokaralari ortidan o'tkazildi.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: