Muslima ayolning musulmon bo'lmagan kimsaga turmush qilishi hukmi

Muslima ayol biron bir holatda ham musulmon bo'lmagan kimsaga turmush qilishi joiz emas.

Alloh taolo marhamat qiladi:

«Va mushriklar iymonga kelmagunlaricha (mo'minani) ularga nikohlab bermang. Shubhasiz, mo'min qul mushrikdan, gar sizni ajablantirsa ham, yaxshidir».

(Baqara, 221).

Yana:

«Bu (ayol)lar ularga halol emas va ular ham bularga halol bo'lmaslar».

(Mumtahana, 10).

Bir kimsaning ushbu turmushdan Islomni ta'ma qilishi (ya'ni,  muslimaga uylangach Islomga kirishi mumkin ekani) muslima ayolning u ila turmush qilishi joiz bo'lishiga sabab bo'la olmaydi.

Zotan, bu ta'ma mavhum (noaniq) bo'lib, haromni halol bo'lishiga yo'l bermaydi.

Ayol musulmon bo'lsa-yu, er kofir holatida qolsa ham shunday hukm bo'ladi.

Chunki, jumhur ulamolar nazdida, er va xotin o'rtasidagi nikoh ayolning islomga kirishining o'zi bilan uziladi.

Hanafiy ulamolar nazdida esa ayol Islomga kirsa va er kofir holatida qolsa, erga musulmon bo'lish taklif etilib, agar u buni inkor etsa, nikohlari uziladi.

Agar er muslima ayolining iddasida musulmon bo'lsa, ayol eri bilan birga yashashga avvalgi nikohi bilan qaytaveradi.

Bordi-yu er ayolining iddasi chiqqanidan so'ng musulmon bo'lsa, unda ayol eri bilan birga yashashga faqatgina yangidan nikoh o'qilgach qayta oladi.

Ushbu hukm avvalgi va hozirgi ulamolar ittifoq qilgan masaladir.

Erning muslima ayolga uylangach musulmon bo'lishi haqidagi mavhum (noaniq) ta'ma esa shariat hukmini aslo o'zgartira olmaydi.

Musulmon bo'lmaganlar qabristoniga dafn etish hukmi

Musulmon er va ayollarni musulmon bo'lmaganlar qabristoniga dafn etish joiz bo'lmaydi. Faqatgina o'ta zaruriy holatda mustasnodir.

Masalan: musulmonlar qabristoni bo'lmasligi yoki ularga vafot qilganlarni kofirlar qabristonidan boshqa joyga  ko'mishga izn berilmasligi.

Mana shundayin holatlarda ushbu ish zarurat yuzasidan joiz bo'ladi.

Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy.

“Buhusun fiy qozoya fiqhiyya mu'asiro”. 1/332.

Azon.uz

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: