Mehmondorchilikda ma'ni qolganmi?..

Bir kuni tanishlardan birining uyiga bir sabab bilan kirib o'tishga to'g'ri keldi. U qo'yarda-qo'ymay uyiga taklif qildi. Shoshib turgan bo'lsam ham yo'q deyolmadim. Xafa bo'lmasin va kibrga yo'ymasin deb kirdim. Choyini ichdim. Qornim to'q edi. Majburlab bitta ovqatni yedirdi. Qornim to'q deyishimga qaramadi. Yemasam mensimadi deb tushunishini aytib tahdid qildi. Xo'p, dedim. Yedim.

Keyin bir payt muzlatkichdan hali uni, hali buni olib kelib, menga zo'rlab yedirmoqchi. Tarelkada norin ham bor, kosada xasip, ketidan kabob, undan keyin osh, manti va hokazolarning keti uzilmayapti. Tushundimki, kecha nimadir ziyofat bo'lgan uylarida. Gapmi, nimadir xullas. O'shaning supra qoqdisi. U odam menga yaxshilik qilaman deb, yoki qaysidir ma'noda o'zini ko'rsataman deb zulm qilayotganining farqida emasdi.

Men o'sha topgan-tutgan narsasini yeb berishim kerak ekan. Aks holda mensimagan bo'larkanman va u mendan ranjir ekan. Har bir taom bir martalik ovqatlanishga yetadigan narsa edi. Shunday majburiyat yuklandiki, bir insonning ikki kunlik yemishini o'sha yerda yeyishim kerak bo'ldi. Bo'lmasa, mezbonga hurmatsizlik bo'lar ekan. Agar uning hamma aytganini qilsam, sog'lig'imga jiddiy zarar yetkazaman. Aytganini qilmasam, maynavozchilik bo'lib ketayotgani, yosh bolalarcha ish tutayotganini tushunmaydigan.

“Alloh rozi bo'lsin Sizlardan. O'tiradigan bo'lib kelmagandim. Birrovga kelgandim. Taklifingizni rad etmadim. Birinchi ovqatni yeganimda ham qornim to'q edi o'zi. Lekin, ko'nglingizni og'ritmaslik uchun tanovul qildim. Mazali chiqibdi. Rahmat. Yana katta kosada to'la suzilgan ekan. Qo'linglar dard ko'rmasin. Endi, buyog'iga uzr. Men endi boray. Ortiq yeyolmayman”, desam, men bilan tortishib rostmana urushib ketdi.

Qarab tursam, yaxshilikni zo'ravonlik bilan amalga oshirmoqchi. O'ta mantiqsiz, g'alati bir manzara gavdalandi ko'z o'ngimda. Zero, meni izzat qilmoqchi bo'lib ko'ringan odam xo'rlayotgan edi.

Yaxshilikni yaxshilik bilan qilish muhimligini yana bir bora anglab yetdim o'shanda.

Xuddi shunga o'xshab, o'zgalar biz bahramand bo'lgan ne'matdan bahramand bo'lishlarini istasak buni go'zal suratda amalga oshirishimiz maqsadga muvofiq.

Haqiqatni, iymonu islom ne'matini go'zal suratda ulashaylik. Majburlab, yo'rig'imizga yurmaganni haqoratlab, bosim o'tkazish bilan amalga oshirmaylik.

Alisher Sultonxo'jayev

azon.uz

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: