Mahbus qanday tarbiyalanadi…

Mahbusni tarbiyalashda davlatning va jamoatchilikning o'rni qanday bo'lishi kerak? Kanada tajribasi misolida…

Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan insonlarning ijtimoiy-ro'hiy holatini aniqlash, yaxshilash, hayotga qayta moslashuvini ta'minlash muhim masalalardan hisoblanadi.
Shu bilan birga, jazo muddatini o'tab qaytgan fuqarolarni qayta tarbiyalash, ularga psixologik ko'mak berish, kerakli kasbiy ko'nikmalarni egallashi va mehnat taqsimotiga jalb etish uchun zaruriy chora-tadbirlarni yo'lga qo'yish jinoyatchilik holatlari qayta takrorlanmasligining asosiy omillaridan sanaladi.

Jahondagi rivojlangan davlatlar tajribasi ko'rsatmoqdaki, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytganlar bilan ishlash muayyan tizimli chora-tadbirlarni taqozo etadi. Bu borada Kanada, Norvegiya, Fransiya, Angliya, Yaponiya, Rossiya tajribalari e'tiborga loyiq.

Kanadada penitensiar (jazoni ijro etish) tizimning mohiyati mahkumlarning jazoni o'tash muddatiga asoslanadi. Xususan, 2 yil yoki undan ko'p muddatga hukm qilinganlarning shartli ravishda ozod qilinishi ustidan nazorat davlat federal tashkilotiga, 2 yildan kam muddatga hukm qilinganlar uchun esa Kanada tuzatish xizmati  (the Correctional Service of Canada (CSC)) tomonidan amalga oshiriladi. 13 ta provinsiya va hududning o'z tuzatish xizmatlari faoliyat ko'rsatadi.

Kanada «Tuzatish va shartli ozod qilish to'g'risida»gi qonunga asosan Kanada tuzatish xizmati (KTX) mahbuslarning jamiyatga moslashuvi masalasida o'z zimmasiga quyidagilarni oladi: vasiylik, reabilitatsiya va integratsiya dasturlari, ozod bo'lishga tayyorlash, ozod etilganlar ustidan nazorat hamda davlatning ta'lim dasturlarini amalga oshirish.

Mahbuslarning jamiyatga qayta moslashuvida jazoni ijro etish muassasasida belgilangan chora-tadbirlar Kanada yondashuvining o'ziga xos jihatlarini namoyon etadi. Jamoatchilik ishtiroki jazoni ijro etish muassasalari (JIEM)dagi mahbusning ijtimoiylashuvida muhim o'rin tutadi.

KTX shu yo'l orqali volontyorlar (ko'ngillilar) xizmatidan faol foydalanadi. Ko'ngilli fuqarolar JIEMga tashrif buyurib, o'z malaka va ko'nikmalarini mahbuslarga o'rgatishadi, ular bilan turli mavzularda suhbatlar olib borishadi, har xil madaniy tadbirlar uyushtirishadi. Bu borada KTX fuqarolik maslahat qo'mitalari (Citizen Advisory Committees – CAC) bilan faol hamkorlik qiladi.

Mazkur qo'mita mahbuslar va jamoatchilik orasidagi mustahkam aloqalarni yo'lga qo'yilishida ko'maklashadi. Bunday qo'mitalar har bir jazoni ijro etish muassasasida mavjud bo'lib, uning tarkibiga talabalardan tortib nafaqadagi shaxslargacha a'zo bo'lishgan.

Shunday qilib, mahbusni tarbiyalashda nafaqat davlatning ishtiroki, shu bilan birga keng jamoatchilik vakillarining ham o'rni beqiyos ahamiyat kasb etadi. Fuqarolik maslahat qo'mitalari 3 asosiy vazifa: nazorat, maslahat va aloqalarni qo'llab-quvvatlashni amalga oshiradi.

Nazorat funksiyasi orqali ular tuzatish xizmatlarining faoliyati ustidan kuzatuvni yo'lga qo'yadi. Bu usul mamlakatimizda jamoatchilik nazorati deb ham ataladi. Fuqarolar mahbuslarning tarbiyalash ishini qanday va qaysi yo'sinda kechayotganini bilib borishlari mumkin bo'ladi.

Maslahat funksiyasi orqali fuqarolik maslahat qo'mitalari tuzatish xizmatlari bilan hamkorlikda reja va dasturlar, loyihalarni joriy etishni kelishib olishadi.

Aloqalarni qo'llab-quvvatlash funksiyasi tuzatish xizmatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar berish, mazkur xizmatlarning xato va kamchiliklarini tuzatish, umuman olganda kelgusidagi faoliyatni rivojlantirib borishda o'zaro aloqalarni mustahkamlashni nazarda tutadi.

MAHBUS UChUN TIBBIY XIZMAT

Kanada jazoni ijro etish muassasalarida ijtimoiy himoya tizimi samarali yo'lga qo'yilgan. Kanada tuzatish xizmati tomonidan har bir mahbus uchun tibbiy xizmat kafolatlanadi. Unda tish shifokori ko'rigi, psixiatr ko'rigi va boshqa tibbiy xizmatlar qamrab olingan. Buni mahbuslarning reabilitatsiyasida eng ilg'or tajribalardan deb aytish mumkin. Sababi, aksariyat rivojlanayotgan davlatlardagi qamoqxonalarda mahkumlar yetarli tibbiy, madaniy, ta'lim xizmatlariga ega bo'lishmaydi va bu ularning salomatligiga jiddiy ta'sir ko'rsatadi. Natijada JIEMdan qaytganlar oldida nafaqat moddiy va ruhiy holatini yaxshilash, balki salomatligini tiklash kabi muhim vazifalar turadi.

Kanada tuzatish xizmati tomonidan alohida oilalarning (mahbuslarning oilasi emas) JIEMga tashrifi ham ko'zda tutilgan. Mazkur usul mahbuslarning jamiyatdan ajralib qolmasliklari, ijtimoiy hayotga yanada yaqinlashtirish maqsadida amalga oshiriladi (oilalarning tashrifi faqat belgilangan JIEMlarga qilinadi).

Bundan tashqari “Prison Fellowship Canada” (Kanada mahbuslari uchun xristian rahmdilligi tashkiloti) tomonidan “pen pal” dasturi yo'lga qo'yilgan bo'lib, mahbuslarni ko'ngilli yozuvchilar bilan yaqinlashtiradi. Bu dastur asosida mahbuslar tashqi olam bilan yaqinlashsa, yozuvchilar o'z asarlari uchun qimmatli g'oyalarga ega bo'lishadi.

Kanada tuzatish xizmati tomonidan har bir mahbusning shaxsiy anketalari yuritiladi. Mazkur anketada jazoni ijro etayotgan insonning qiziqishlari, maqsadlari, kelgusi rejalari umuman olganda ko'plab shaxsiy ma'lumotlari bayon etilgan bo'ladi. O'z navbatida anketa xulq-atvorni baholash funksiyasini bajarib, mahbuslarni xavflilik darajasiga ko'ra klassifikatsiya qilishga (tasniflashga) yordam beradi.

Anketada to'plangan keng ko'lamli ma'lumotlar asosida KTX mahbusni tuzatish, kelgusida ijtimoiy hayotga moslashib ketishini ta'minlash bo'yicha reja ishlab chiqadi. Ushbu reja mahbuslarga penitensiar qoidalarga rioya qilish, turli dasturlarda faol qatnashish, sud tomonidan chiqarilgan talablarni bajarishda yordam beradi.

Mazkur mexanizmlarning har bir mahbus uchun individual tarzda qo'llanilishi e'tiborga loyiq. Davriy baholab borish, ular bilan reja asosida ishlash mahbuslarning kelgusi hayotda ijtimoiy moslashuvini ta'minlashda muhim omillardan biri bo'lib xizmat qiladi.

Kanada tuzatish xizmati tomonidan mahbuslarni qayta tarbiyalashda ta'lim, kasb va bandlik tadbirlariga alohida e'tibor qaratiladi. KTX maxsus bandlik dasturi – CORCANga egalik qiladi. Ushbu dastur mahbuslarning kasbiy tayyorgarligini aniqlash, ularni kasb-hunarga o'rgatish masalalari bilan shug'ullanadi. E'tiborli jihati dastur mahbuslarga nafaqat jazoni ijro etish muassasasida, balki ozodlikka chiqqandan keyin ham bandligini ta'minlashga ko'maklashadi.

2015 yil fevralda bo'lgan doimiy komissiya yig'ilishida KTX komissari Don Xed CORCANning bandlik dasturi orqali 4000 dan ortiq mahbuslar «reabilitatsiya» qilinganini ta'kidlagan[4]. Qayd etish lozimki, mazkur dastur doirasida faoliyat yuritayotgan mahbuslar to'rtta: ishlab chiqarish, qurilish, to'qimachilik va xizmat ko'rsatish sohalarida ishlashadi. Bundan ko'zlangan maqsad mahkumlarning jamiyatga qayta moslashishiga ko'maklashishidan iborat.

ASOSIY TAMOYILLAR

Qayd etish lozimki, Kanada tuzatish xizmati mahkumlarni jazo muddati tugaguncha ushlab o'tirmaydi. Ular jazoni faqat bir qismini JIEMda o'tkazishadi. Undan keyin ular probatsiya xizmati ixtiyoriga beriladi va shartli ravishda jamiyatga qaytariladi. Probatsiya xizmati sobiq mahkumlarni jamiyatga moslashishini ta'minlash maqsadida individual ish reja tuzishadi va uni nazorat qilishadi. Bu kabi loyihalarda volontyorlar ham ishtirok etishadi va sobiq mahkumni jamiyatga moslashishiga ko'maklashishadi. Volontyorlarning ham bu borada maxsus jamoat tashkilotlari mavjud. Shulardan biri “Give Back Society” (jamiyatga qaytarish yoki ijtimoiylashtirish) deb nomlanadi.

Xulosa qilib aytganda, Kanada mahkumlarni jamiyatga qayta moslashtirishda quyidagi asosiy tamoyillarga tayanadi.

JIEMda mahkumlarni tarbiyalash, qayta ijtimoiylashtirish bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirok etishmaydi. Bu borada maxsus – Tuzatish xizmati shug'ullanadi;
JIEMda yaratilgan sharoitlar natijasida mahkum o'zini jamiyatdan uzilib qolganday his qilmaydi;
sobiq mahkumlarni jamiyatga qaytarishda nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT), keng jamoatchilik vakillari, volontyorlar faol ishtirok etishadi;
jamiyatga moslashtirishda mahkumlarning o'z oilalari bilan uzviy aloqa ta'minlanadi, ular oilasidan ajralib qolishlariga yo'l qo'yilmaydi;
JIEMda yaratilgan shart-sharoitlar mahkumlar uchun ijtimoiy hayotda zarur bo'lgan ko'nikmalarni shakllantiradi.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: