Kun tarixi!

Vatanimiz tarixidagi 4 mart sanasi bilan bog'liq ayrim voqealar bayoni.

1194 yil (bundan 827 yil oldin) – anushteginiylar sulolasidan bo'lgan Xorazm shohi, Jaloliddin Manguberdining bobosi Takash Saljuqiylarniig so'nggi sultoni To'g'rul III ustidan g'alabaga erishdi. Bu jang Tehron yonidagi Ray shahri yaqinida bo'lgan.

1891 yil (bundan 130 yil oldin) – aktyor, sozanda (garmonchi), O'zbekiston xalq artisti Orif Garmon Toshmatov tavallud topdi (vafoti 1944 yil). Ma'lumot o'rnida qayd etish kerakki, 1930 yili mashhur chex polkasi yaratiladi. Bu kuy tez orada o'zining ajab­tovurligi bilan butun dunyoga tarqab ketdi. Shu kuyga hamohang tarzda O'zbe­kistonda ham yangi kuy – “Andijon polkasi” dunyoga keldi. Mazkur raqs kuyining muallifi andijonlik bastakor Orif Garmon edi.

1921 yil (bundan 100 yil oldin) – Moskvada Rossiya bilan Buxoro respublikalari o'rtasida Ittifoq shartnomasi tuzildi. Shartnomani Rossiya nomidan Tashqi ishlar xalq komissari va uning o'rinbosari, Buxoro nomidan Buxoro Respublikasining Rossiyadagi favqulodda missiyasi vakillari imzoladi. Ittifoq shartnomasi 17 moddadan iborat edi. Bu shartnoma mustaqil siyosat yuritishga harakat qilayotgan yosh Buxoro davlati arboblari faoliyatini muayyan darajada cheklashga olib keldi.

1921 yil (bundan 100 yil oldin) – taxtdan ag'darilgan, davlati tugatilgan, o'zi bir qator janglarda mag'lubiyatga uchragan Buxoroning sobiq amiri Olimxon Amudaryoning Chubek degan joyidan Afg'oniston davlatiga o'tib ketdi. Unga o'zining 300 nafar amaldorlari va 200 nafar navkarlari hamrohlik qildi. Bu haqda sobiq amir o'zining keyinchalik yozgan “Buxoro xalqining hasrati tarixi” nomli esdaliklarida batafsil fikr yuritadi.

Ushbu xotiralardan ma'lum bo'ladiki, Buxoroning so'nggi hukmdori Olimxonning Afg'onistonga ketishdan asl maqsadi o'z oilasi, ayollari va bolalarini saranjom qilish, jang tayyorgarligini ko'rish, Afg'oniston va boshqa musulmon mamlakatlaridan sovet Rossiyasi va bolsheviklarga qarshi kurashda ko'mak olish edi. U Afg'onistonda doimiy yashab qolishni niyat qilmagan edi.

Olimxonni Kobulda Afg'oniston amiri Omonullaxon qabul qilib, doimiy yashashi uchun unga Qal'ai Fotuda maxsus qarorgoh ajratib beradi. U Kobulda yashasa ham Buxorodagi ozodlik harakatiga g'oyaviy jihatdan rahbarlik qilishda davom etdi, qo'rboshlar va ulamolarga turli maktublar va qimmatbaho sovg'alar jo'natib, ularni kurashga ilhomlantirgan.

Olimxon Kobulda o'zining esdaliklarini yozib tugalladi. Umrining oxirida ko'zi ojizlanib qoladi, og'ir dardga chalinadi uzoq davom etgan xastaliklardan so'ng u 1944 yilda Qal'ai Fotuda vafot etadi. Buxoroning so'nggi amiri Kobul atrofidagi “Shahidoni islom” (Islom shahidlari) qabristoniga dafn etilgan.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – Toshkentda Tashqi ishlar vazirligida O'zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o'rtasida diplomatik munosabat o'rnatish to'g'risidagi Protokol, shuningdek, ikki Respublika o'rtasida diplomatiya sohasidagi hamkorlik to'g'risidagi Protokol imzolandi.

1993 yil (bundan 28 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasining «Sog'lom avlod uchun» ordenini ta'sis etish to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi.

1996 yil (bundan 25 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlar vazirligini tashkil etish to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: