Kattalar qolib, endi bolalar. Qirg'iz-tojik chegarasida ommaviy janjal yuz berdi

Qirg'iz-tojik chegarasida ommaviy janjal oqibatida to'rt nafar maktab o'quvchisi shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Qirg'izistonning Botken viloyati rahbari o'rinbosari Ma'rufxon Tulayev ma'lum qilgan.

“Bugun taxminan soat 13:00da to'rt qirg'iz maktab o'quvchisi tojik maktab o'quvchilari tomonidan kaltaklandi. Voqea chegaradagi Ko'k-Tosh qishlog'ida sodir bo'ldi. 30ga yaqin tojikistonlik maktab o'quvchilari uylariga qaytayotgan bolalarga hujum qilgan”, deydi Tulayev.

Ta'kidlanishicha, kaltaklangan maktab o'quvchilari 13-14 yoshda, ular turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

“Qirg'iz-tojik chegarasidagi vaziyat xavfsizlik kuchlari tomonidan nazorat qilinmoqda. Qirg'iziston va Tojikistonning Ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari chegaradagi voqeani hal qilish uchun muzokaralar olib bormoqda”, deydi u.

Ma'lumot o'rnida, qirg'iz-tojik davlat chegarasida vaqti-vaqti bilan tortishuv va mojarolar bo'lib turadi. Ular og'zika tortishuvlardan qurolli to'qnashuvlargacha borib yetgan holatlar bo'lgan.

Qirg'iziston Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, Tojikiston bilan umumiy chegara 972 km, shundan 519 km kelishilgan, 375 km esa bahsli hisoblanadi.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: