Erdo'g'an Fransiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni boykot qilishni qo'llab-quvvatladi

26 oktyabr kuni Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo'g'an o'z vatandoshlarini Fransiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotib olishni to'xtatishga chaqirdi. Bu Fransiyada Muhammad (sollollohu alayhi vasallam) payg'ambarning rasmi namoyish qilinganiga musulmon dunyosining ko'rsatgan qarshiliklaridan biri bo'ldi. Chunki, islomda payg'ambar rasmini chizish va uni namoyish qilish juda qattiq qoralangan ish hisoblanadi.

Erdo'g'an o'zining nutqida Fransiya islomga qarshi ishlarni olib borayotganligini ta'kidlagan.

“Men o'zimning barcha fuqarolarimdan Fransiya brendlariga hech qachon yordam bermaslik va ularni sotib olmaslikni so'rayman” degan Erdo'g'an.

Turkiyada fransuz avtokompaniyalarining mashinalari eng ko'p sotiladigan brendlar qatorida turadi. O'tgan yili Turkiya va Fransiya o'rtasidagi savdo hajmi 15 milliard AQSh dollardan oshib ketgandi.

Bundan avval bir qator arab davlatlarida ham Fransiyadan kelgan tovarlarni boykot qilish boshlangandi. Masalan, Quvaytdagi supermarketlardan biri Fransiyaning L’Oreal kompaniyasi ishlab chiqargan mahsulotlarni peshtaxtadan olib tashlashga qaror qildi.

Saudiyada ham fransuzlarning bu qilmishlaridan g'azablangan musulmonlar Fransiyaning “Carrefour ” nomli supermarketlar tarmog'ining mahsulotlarini sotib olmaslik bo'yicha chaqiruvlar avj oldi.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: