Ispaniyada aeroport vulqon tufayli o'z ishini to'xtatdi

Ispaniyaning Palma orolidagi (Kanar orollari) aeroport vulqon otilishi tufayli yopildi. Bu haqda Ispaniya aeroportlari operatori xabar bergan.

“Palmadagi aeroport kul yig'ilib qolgani uchun ishlamayapti. Tozalash ishlari boshlandi, lekin vaziyat har lahzada o'zgarishi mumkin”, degan operator.

Kanar orollaridagi boshqa aeroportlar o'z ishini davom ettirmoqda, biroq operator ma'lumotni aniqlashtirish uchun aviakompaniyalar bilan bog'lanishni tavsiya qilgan.

Ma'lumot o'rnida, Palmada yetti kundan beri vulqon otilib chiqmoqda. Mutaxassislarning fikricha, lava 400 dan ortiq binolarni vayron qilgan, ularning aksariyati turar-joy binolari. Tabiiy ofat zonasidan 6 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan. Prognozlarga ko'ra, otilish 24 dan 84 kungacha davom etishi mumkin.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: