IShID qo'rquvlari tugadi

Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi 2017 yilda mamlakatda joriy etilgan favqulodda holatni bekor qildi. U tegishli bayonotni Facebook’dagi rasmiy sahifasida e'lon qilgan.

“Doimo kurash va mashaqqatli mehnat orqali intilib kelgan lahzani birga baham ko'rayotganimizdan xursandman. Misr o'zining buyuk xalqi va sodiq odamlari tufayli mintaqada xavfsizlik va barqarorlik vohasiga aylandi. Shu sababli, men yillar davomida birinchi marta favqulodda holat muddatini uzaytirishni bekor qilishga qaror qildim”, degan u. “

Prezidentning so'zlariga ko'ra, Misr xalqi bir necha yillardan buyon “rivojlanish va qurilish yo'lidagi barcha sa'y-harakatlarda chin dildan ishtirok etib” ushbu qarorga intilgan.

Malumot o'rnida aytib o'tish joizki, Misrda favqulodda holat 2017 yilning aprel oyida, ekstremistlar Tanta va Iskandariya shaharlaridagi cherkovlarga hujum uyushtirgandan so'ng joriy etilgan. Buning oqibatida, 45 kishi halok bo'lgan va 120 dan ortiq kishi jarohat olgan . Hujumlar uchun javobgarlikni IShID terrorchilik guruhi o'z zimmasiga olgan.

Shundan so'ng, Prezident xalqqa murojaatida terrorizmga qarshi choralardan biri sifatida uch oylik muddatga favqulodda holat joriy etilishini va uni uzaytirish imkoniyatini e'lon qilgan. Konstitutsiya talab qilganidek, keyingi ikki kun ichida favqulodda holat to'g'risidagi qonun hukumat va parlament tomonidan ma'qullangan.

O'shandan beri favqulodda choralar har uch oyda 18 marta uzaytirilgan va pandemiya dunyoga tarqala boshlaganidan keyin Prezident farmonida bu choralar sog'liqni saqlash holati bilan ham bog'liq ravishda qo'llanilishi qayd etilgan.

Rasmiy ravishda navbatdagi favqulodda choralar joriy yilning 24 oktyabr kuni yarim tunda yakunlandi. 4 oktyabr kuni as-Sisiy Sinay yarimorolida qo'shimcha xavfsizlik choralarini joriy etish to'g'risida qaror qabul qildi. Misr konstitutsiyasi davlat rahbariga uch oydan ortiq bo'lmagan muddatga favqulodda holat e'lon qilish huquqini beradi, agar qaror parlament tomonidan tasdiqlansa.

Misrda xavfsizlik kuchlariga cheksiz vakolatlar bergan favqulodda holat 1981 yildan beri doimiy asosda faoliyat yuritib kelgan va 2012 yil yanvar oyida bekor qilingan. Bu 2011 yil yanvar inqilobi paytida namoyishchilarning asosiy talablaridan biri bo'lgandi.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: