Tahlil: Eron Tog'li Qorabog' masalasida g'alati vaziyatga tushib qoldi

Eron uchun kavkazcha «SUGSVANG» 

Qorabog' mojarosining keskinlashuvidan so'ng Tehron shaxmatdagi “sugsvang” yurishini eslatadigan g'ayritabiiy vaziyatga tushib qoldi. Zug  (“harakat”) va zwang (“majburiy”) degan ikkita nemis so'zidan tashkil topgan bu atama “harakatlanishga majbur qilish” degan ma'noni anglatadi.

Ya'ni o'yinchi mavqei yomonlashishiga qaramay, harakatlarni majburiy amalga oshiradi. Shunday qilib, Eron o'zi uchun noxush qadamlarni tashlash majburiyati ostida qoldi, garchi hamma narsani boricha qoldirish Eron uchun ayni muddao edi.

Bunday vaziyat faqat Kavkaz bilan chegaralanmaydi. Shuningdek, u Eronning ta'sir doirasi hisoblangan boshqa sohalarga ham tegishli. Ehtimol, Islom Inqilobi g'alabasi va Islom Respublikasi e'lon qilinganidan keyin Eron dunyo shaxmat taxtasida birinchi marta shunday noqulay ahvolga tushib qoldi…

*

Qorabog'da qurolli to'qnashuvlar boshlanishi bilan Kavkazdagi bir qator dunyo va mintaqaviy o'yinchilarning manfaatlari to'qnashuvi ko'lami aniq bo'ldi. Ushbu mintaqa AQSh, Rossiya, Yevropa (xususan, Fransiya), Turkiya, Eron va hatto Isroilning ekspansionistik loyihalari raqobati sharoitida nihoyatda muhim hisoblanadi. Bu yerda ham milliy, ham etnik-konfessional omillar bir-biriga bog'lanib ketgan, bu esa deyarli barcha o'yinchilar uchun vaziyatni murakkablashtiradi.

Tehron uchun Qorabog' mojarosi eng chalkash masalalardan biri. Uning vositachilik rolini nizolashayotgan tomonlarning qabul qilishi katta so'roq ostida, chunki kurash allaqachon global kuchlarning manfaatlariga ta'sir ko'rsatib, mintaqaviy chegaradan chiqib ketgan. Bundan tashqari, ushbu inqiroz juda noo'rin vaqtda paydo bo'ldi, chunki hozirda Eron siyosiy elitasi bir vaqtning o'zida bir nechta to'planib qolgan muammolarni bartaraf etishga harakat qilmoqdalar. 

Bularning barchasi Tehronni qiyin tanlov yuki ostida qoldirdi. Bir tomondan, bir necha o'n yillar davomida rivojlanib kelayotgan strategik munosabatlarni saqlab qolish uchun u Yerevanni qo'llab-quvvatlashini e'lon qilish kerak: Armaniston AQSh sanksiyalariga qaramay Eronliklarning dunyo bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni olib boradigan yo'lagi rolini o'ynaydi. Bundan tashqari, Eronning Yerevanni quvvatlashi Moskva bilan hamkorligiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi, shuningdek, bunday pozitsiya yevropaliklar, ayniqsa Parij bilan muammolarni hal qilish uchun qo'l keladi. Nihoyat, u Eronning strategik va iqtisodiy manfaatlariga jiddiy ta'sir ko'rsatadigan Turkiya va turkiy  kengayish bilan bog'liq xavotirlarining oldini olishda qo'l keladi.

*

Biroq ushbu ssenariy mamlakat ichkarisida “portlash” vujudga kelishi uchun imkoniyat yaratadi, chunki bu Eron rahbariyati, siyosiy, iqtisodiy va harbiy kuch tuzilmasining bir qismi bo'lgan mamlakatdagi ikkinchi eng katta etnik guruh ozarbayjonlarning milliy hissiyotlari ga zid keladi… Mazkur hodisalar, qarangki, rasmiy Eron ichki vaziyatni nazorat qilishga va provokatsiyalardan qochishga intilayotgan bir vaziyatda yuz beradi. 

Tehron mazkur nizodan yuzaga keladigan qiyinchiliklarni to'liq anglab yetgan. Qurolli kuchlar va xavfsizlik xizmatlari, shu jumladan “Eron Ozarbayjonida” joylashtirilgan Islom inqilobi Gvardiyasi korpusi kuchlari safarbarlik holatiga keltirilganligiga qaramay, Turkiyaning Boku tomoniga to'g'ridan-to'g'ri va ochiq aralashuvi ehtimoli Tehronni ehtiyotkorlik bilan, har qanday qadamni o'ylab tashlashga, hatto bayonotlarga o'ta ehtiyotkorlik bilan yondashishga undamoqda. Chunki Anqara bilan ziddiyat yanada katta ichki bosimga olib kelishi va bu haqiqiy xavf tug'dirishi mumkin.

Eron ozarbayjonlarining o'z birodarlarini qo'llab-quvvatlashga chaqirishi ko'cha to'qnashuvlariga aylanib ketish xavfini tug'dirmoqda. Avvalgi norozilik namoyishlaridan xulosa chiqargan Tehron, albatta, buni xohlamaydi. Bu esa mamlakat rahbariyatini Ozarbayjon millatiga fuqarolarini qisman tinchlantirishga majbur bo'ldi va Oyatulloh Humaniyning G'arbiy va Sharqiy Ozarbayjon, Ardabil va Zanjanda, aksariyati ozarbayjonliklar bo'lgan viloyatlarda bayonot berdi. Bayonot, “Bokuning Qorabog' yerlarini qaytarish bo'yicha harakatlari xalqaro qonunlar va BMT Xavfsizlik Kengashining qaroriga mos keladi” degan mazmunda yangradi.

Biroq Tehronning yillar davomida Yerevanni qo'llab-quvvatlab, vaziyatni ushbu “sugsvang” holatigacha olib kelib qo'yganligi rasmiylarni o'z siyosatining to'g'riligi haqida o'ylashga majbur qilishi kerak edi, chunki Qorabog'dagi mojaro doimo “muz” holatida qolishi mumkin emas va qachondir “tepki bosilishi” kerak edi.

Hamid Sodiq,

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: