Go'sht eksportining yo'lga qo'yilishi O'zbekistonda go'sht narxi qimmatlashishiga olib keladimi?

Toshkent shahrida 10 aprel, shanba kuni Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida qo'mita raisi Bahrom Sharipov go'sht eksporti aholi orasida go'sht narxiga ta'sir qilishi haqidagi gaplarga aniqlik kiritdi. Bu haqda anjumanda ishtirok etgan «Bugun.uz» muxbiri xabar qildi.

Mutasaddining ta'kidlashicha, O'zbekistonda jami hisobda 22 millionta qo'y bor. Shulardan 6 million 200 mingtasi qo'mitaga a'zo korxonalarga tegishli hisoblanadi.

«Misol tariqasida, 50 mingta qo'y sotsak, 100 mingta qo'y xorijdan olib kelinadi. Demak, biz valyuta qimmatlashishiga yoki qo'y go'shti defitsitiga (tanqisligiga) emas, qo'y go'shtining ko'payishiga sabab bo'lamiz. 100 mingta olib kelib, 50 mingtasini sotsak, shu 50 mingtaning pulini olmaymiz, yana 75 mingta qo'y olib kelamiz, shuning hisobiga 100 mingta qo'y 3 oyda 125 mingtaga ko'payadi», — dedi Bahrom Sharipov.

«Go'sht eksporti yo'lga qo'yilsa, teri eksporti ham o'z-o'zidan ishga tushadi. Biroq qo'mitamiz bor qo'ylar soni bo'yicha 25 foizni tashkil qiladi. Lekin bizga tegishli 47 ta klaster 47 ta tumanda 1 tadan shifoxona, 2 tadan bog'cha, 4 tadan maktabni 15 ming kam miqdordagi mablag'da arzon ta'minlasa, maqsadimizga yetamiz», — deya ta'kidladi rais.

U shuningdek, O'zbekistonda go'sht eksportini yo'lga qo'yish go'sht narxining qimmatlashishiga sabab bo'lmasligini aytdi. Iqtisodchi sifatida Prezident va tegishli yerlarga takliflari o'rinliligini yetkaza olganini, kelajakda go'sht ekporti yo'lga qo'yilishini ham ma'lum qildi.

«Biz islohotlar bosqichidamiz, davlat iqtisodiga, xalqqa foydali ishlarni yo'lga qo'yamiz. Yangi ish o'rinlari yaratamiz va bu yo'limizdan qaytmaymiz», — deya so'zini yakunladi mutasaddi.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: