Chexiya razvedkasi jahon urushi xavfi haqida ogohlantirdi

Dunyoga hamon global harbiy nizo ehtimoli xavf solib turibdi, bu haqda Chexiya harbiy razvedkasi 2019 yil uchun e'lon qilgan hisobotida aytiladi.

«Zamonaviy dunyo harakatlanib borayotgan global xususiyatga ega ehtimoliy nizo hozircha tayyorgarlikning birinchi bosqichida turibdi. Unda faol ishtirok etishga imkoniyati va xohishi bo'lganlarda dunyoqarash shakllanmoqda va ularni boshqarish mumkin bo'lgan texnologik vositalar aniqlanmoqda», — deyiladi hujjatda.

Shuningdek, hisobotda ta'kidlanishicha, dunyoda manfaatlar, fikrlar va maqsadlar farqlanishi kuchaygan, xalqaro huquq roli esa ancha pasaygan.

«Manipulyativ fikrlash, yanglish taxminlar, noxolis xulosalar va shulardan kelib chiqadigan xatti-harakatlar mas'uliyatni anglash yo'qligi bilan birgalikda global raqiblar — AQSh, Xitoy va Rossiya o'rtasida keskinlik o'sishiga olib keldi. Ammo bu hodisalar hatto avval yaqin ittifoqdoshlar deb hisoblangan mamlakatlar o'rtasida ham ziddiyat keltirib chiqardi», — deya qayd etdi hisobot mualliflari.

«Ochiq adovat xavf deb qaralmaydi, ammo aslida xavf hisoblanadi. U nizoda muvaffaqiyatliroq bo'la olishi mumkin deb hisoblaydiganlar tomonidan imkoniyat deb qabul qilinadi», — deydi ekspertlar.

2018 yil yakunlari bo'yicha Chexiya Xavfsizlik va axborot xizmati (BIS) mamlakat hududida faoliyat olib boruvchi barcha razvedka xizmatlari orasida eng faol va tajovuzkor ishlaydiganlari Rossiya va Xitoyniki ekanligini ma'lum qilgandi. BIS ta'kidlashicha, Rossiya va Xitoy razvedka faoliyati siyosat, diplomatiya, iqtisodiyot va axborot urushi sohalariga taalluqlidir. «Rossiyaga kelganda, unga noan'anaviy xususiyatdagi operatsiyalar ham xos bo'lib, ular Rossiya o'z xavfsizligiga nisbatan asosiy harbiy xavfni ko'radigan raqibga qaratilgan: bu NATO va unga a'zo mamlakatlar, shu jumladan, Chexiya hamdir», — deya qayd etdi ekspertlar.

Daryo.uz

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: