BMT: Afg'onistondagi notinchliklar sababli o'tgan to'qqiz oy ichida olti ming fuqaro zarar ko'rdi

Hozirgi kunda Afg'onistonda tinchlik o'rnatish bo'yicha hukumat va Tolibon o'rtasida muzokaralar davom etmoqda. Shunga qaramay bu mamlakatda harbiy to'qnashuvlar to'xtamayapti. BMTning bergan ma'lumotlariga ko'ra, Afg'onistonda yuz berayotgan hujumlar tufayli 2020 yilning dastlabki 9 oyida 6 ming nafar tinch aholi vakillari zarar ko'rdi.

“Yanvardan sentyabr oyiga qadar bo'lgan urushlarda tinch aholi vakillarining 5939 nafari zarar ko'rgan. Ularning 2117 nafari vafot etgan bo'lsa, 3822 nafari jarohatlangan. Mamlakatda yuqori darajadagi vahshiyliklar davom etmoqda va bu fuqarolar uchun juda ayanchli oqibatlarga olib kelmoqda. Afg'oniston fuqarolari dunyoda o'lim xavfi eng yuqori bo'lgan odamlarligicha qolmoqda” deyiladi BMTning Afg'onistonga yordam missiyasi seshanba kuni bergan xabarda.

Qurbon bo'lganlar o'limining 45 foiziga Tolibon, 23 foiziga esa hukumat askarlari sabab bo'lgan. AQSh harbiylari esa bu borada 2 foizlik natija ko'rsatgan. Qolgan odamlarning o'limiga esa IShID yoki tashkilotchisi “aniqlanmagan” hujumlar sabab qilib ko'rsatilgan.

2001 yilda AQSh o'zining askarlarini Afg'onistonga kiritdi va Tolibonni hukumatdan ag'dardi. Tolibon shundan beri Afg'onistonning amaldagi hukumati bilan kurashib kelmoqda.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: