Berdimuhamedov harbiy samolyotni sinovdan o'tkazdi (video)

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ish safari bilan Balkan viloyatida bo'lib, mamlakat Qurolli Kuchlari ixtiyorida bo'lgan yangi zamonaviy harbiy samolyotlar bilan tanishdi va ulardan birini sinovdan o'tkazdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar bergan.

Mamlakat Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qo'mondoni maxsus kostyum — harbiy uchuvchi kiyimida yangi harbiy samolyotlardan birining ruliga o'tirgan.

Ushbu harbiy samolyot zamonaviy turboreaktiv dvigatellar va Harbiy havo kuchlari oldida turgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo'lgan barcha narsalar bilan jihozlangan. U havo maydonini himoya qilish, razvedka o'tkazish, quruqlikdagi kuchlarning harakatlarini qo'llab-quvvatlash, shuningdek harbiy uchuvchilarni o'qitish uchun mo'ljallangan. Uning uchish masofasi 2 ming kilometr, maksimal balandligi 13 ming 700 metr.

Ma'lum qilinishicha, Turkmaniston Prezidenti ovozdan tez uchuvchi samolyotda uchayotganda bir necha burilish yasagan. Yangi samolyotda sinov parvozini tugatgandan so'ng, davlat rahbari tekis qo'ngan.

Turkmaniston Bosh vaziri o'rinbosari, Davlat xavfsizlik kengashi kotibi Charimirat Amanov va Mudofaa vaziri Begench Gundog'diyev mamlakat Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo'mondonini muvaffaqiyatli sinov parvozi bilan tabriklagan. Mudofaa vaziri Turkmaniston Prezidentining uchish formasini poytaxtda yangi binosi qurilayotgan Berdimuhamed Annayev nomidagi harbiy maktab muzeyiga o'tkazishga ruxsat berishni so'ragan.

Millat yetakchisi ushbu taklifni ma'qullagan. Turkmaniston Prezidenti ishtirokchilarga xizmatlarida muvaffaqiyatlar tilab, voqea joyini tark etgan.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: