Armiya va toliblar Afg'onistonning uch yirik shahri uchun jang qilmoqda

BBC manbasi xabar qilishicha, jangarilar Hirot, Lashkargoh va Qandahor shaharlari atrofidagi hududlarga kirishgan.

«Tolibon»ning afg'on armiyasi pozitsiyalariga hujumga o'tishi AQSh harbiylari Afg'onistonni tark etishga kirishishi bilan boshlangandi va o'tgan haftalar davomida ko'plab hududlar toliblar nazoratiga o'tdi.

Turli baholarga ko'ra, harakat mamlakat hududining 50 foizini nazorat qilmoqda (toliblarning o'zi esa Afg'onistonning 80 foizi egallanganini aytishadi), ammo ular shu vaqtgacha biror yirik shaharni egallashga muvaffaq bo'lishmagan.

Qandahordagi qochqinlar uchun lagerlarda ayni vaqtda 11 mingga yaqin oila yashamoqda. Afg'on parlamenti a'zosi Gul Ahmad Kamin BBC bilan suhbatda ushbu shahar ekstremistlar qo'liga o'tishi ehtimoli real holatga aylanayotganini qayd etgan.

Kaminning so'zlariga ko'ra, «Tolibon» Qandahorni o'zining vaqtinchalik poytaxtiga aylantirishni mo'ljallagan. Agar bu shahar boy berilsa, Kobuldagi hukumat mamlakat janubi-g'arbidagi yana besh-olti viloyat ustidan nazoratni ham qo'ldan chiqaradi. Kaminning qo'shimcha qilishicha, 20 yildan buyon bu shahar uchun hozirgidek shiddatli janglar olib borilmagandi.

Uning so'zlariga ko'ra, jangarilar shaharga bir necha tomondan hujum qilmoqda, agar ular himoyani yorib o'tishsa, armiya tinch aholi orasida qurbonlar bo'lmasligi uchun ularga qarshi og'ir artilleriya qo'llay olmaydi.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: