Armaniston poytaxtida muxolifatchilarning politsiya bilan to'qnashuvi boshlandi

Armaniston poytaxti Yerevanda norozilik namoyishlari bo'lib o'tmoqda.

“Sputnik Armaniston” xabariga ko'ra, politsiya xodimlari namoyishchilarni Yerevandagi Ozodlik maydonida qo'lga olmoqda. Miting boshlangunga qadar muxolifat vakillari qo'lga olingan.

Namoyishchilar Qorabog' bo'yicha imzolagan bitimdan norozi ekanliklarini bayon qilib, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning iste'fosini talab qilishmoqda. Ular va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari o'rtasida to'qnashuv bo'lgan.

Tog'li Qorabog'ning to'rtta parlament partiyasi Pashinyan iste'fosi talabiga qo'shilgan.

Armaniston Bosh prokuraturasi mamlakatda amal qilayotgan harbiy vaziyat sabab namoyish taqiqlangani haqida ogohlantirgan.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog'li Qorabog'da o't ochishni to'xtatish to'g'risida bitim imzolashgan edi. 10 noyabr Moskva vaqti bilan yarim tundan boshlab o't ochish to'liq to'xtatilashi, Ozarbayjon va Armaniston harbiylari egallab turgan pozitsiyasida to'xtashi kerak. Shuningdek, Tog'li Qorabog' hududiga Rossiya tinchlikparvarlari kiritiladi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Qorabog' bo'yicha bitim o'zi uchun juda og'ir qaror bo'lganini aytdi, lekin boshqa chora bo'lmaganini ta'kidlagan.

sputniknews-uz.com

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: