AQShda bir kecha-kunduzda rekord darajada — 145 ming kishida koronavirus aniqlandi

AQShda yangi koronavirusga chalinish bo‘yicha tasdiqlangan holatlar bir kecha-kunduzda pandemiya boshidan buyon rekord daraja — 140 mingtadan oshib, 145 835 tani tashkil qildi, deb yozadi “TASS” The Washington Post gazetasiga tayanib.

Shu bilan birga, taxminan bir hafta ichida koronavirus bilan kasallanish holatlarining sutkalik o‘sishi 104 mingtadan 145 mingtagacha yetgan. Masalan, 3-noyabr kuni AQShda 136 325 ta kasallanish holati tasdiqlangan va bu rekord ko‘rsatkich bo‘lgan edi. 5-noyabrda 121 888, 6-noyabrda — 126 480, 7-noyabrda — 128 412, 8-noyabrda — 105 927 ta holat aniqlangan. Ushbu ko‘rsatkich mamlakatda ketma-ket 9 kundan buyon 100 mingdan oshmoqda. Bundan avvalgi eng yuqori ko‘rsatkich 30-oktabrga to‘g‘ri kelgan edi.

Koronavirus tufayli vafot etganlar soni o‘tgan bir kecha-kunduzda 1549 kishiga teng bo‘ldi (bu may o‘rtalaridan buyon eng yuqori ko‘rsatkich), butun mamlakat bo‘ylab 64 ming kishi kasalxonaga yotqizildi.

Texas koronavirus yuqtirib olish holatlari soni 1 milliontadan oshgan birinchi shtat bo‘ldi.

Xalqaro tashkilotlar, federal va mahalliy hukumat ma’lumotlari asosida hisob-kitob olib boruvchi Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda jami 10,3 million kishi koronavirusga chalingan, shulardan 241 ming nafari vafot etgan. Mamlakat har ikkala ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda birinchilikni egallamoqda.

Eslatib o‘tamiz, pandemiya boshidan buyon dunyo bo‘yicha 52 milliondan ortiq odam koronavirusga chalindi. Kasallanganlar soni bor-yo‘g‘i bir kecha-kunduzda 1 millionga oshdi.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: