AQSh dunyoda demokratiyani kuch bilan o'rnatishdan voz kechishga va'da berdi

Qo'shma Shtatlar dunyoda demokratiyani zo'ravonlik bilan targ'ib qilish siyosatidan voz kechadi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken mamlakat tashqi siyosatiga bag'ishlangan brifing paytida aytib o'tdi, deb yozmoqda «RBK».

Entoni Blinken

«Biz demokratiyani oxiri qimmatga tushadigan harbiy operatsiyalar orqali o'rnatmaymiz. Bundan tashqari, Qo'shma Shtatlar avtoritar tuzumlarni kuch bilan ag'darishga qaratilgan urinishlaridan voz kechadi», — dedi Blinken.

Tashqi siyosat bo'limi boshlig'ining so'zlariga ko'ra, ilgari Vashington tomonidan amalga oshirilgan bunday urinishlar ezgu maqsadlarni ko'zlaganiga qaramay kutilgan natijalarni bermagan.

«Biz o'zgacha yo'l tutamiz: boshqa mamlakatlarga namuna bo'lish va demokratik o'zgarishlar uchun hamkorlarimizni mukofotlash orqali demokratiyani targ'ib qilamiz», — deya qo'shimcha qildi davlat kotibi.

Blinken amerikaliklarga murojaat qilib, tashqi siyosat bo'yicha qat'iy qarorlarni ishlab chiqish uchun ulardan prezident Jo Baydenning yangi ma'muriyatiga biroz vaqt berishni iltimos qildi. Demokratiyani targ'ib qilish AQSh tashqi siyosiy ta'limotining asoslaridan biridir.

Demokratik qadriyatlarni targ'ib qilish niqobi ostida rejimni ag'darish to'g'risidagi birinchi rasmiy tan olingan faktlardan biri bu Eronda 1953 yilda yuz bergan davlat to'ntarishi hisoblanadi. Davlat departamenti yaqin tarixda demokratlashtirish muvaffaqiyatli kechgan davlatlarga misol sifatida Gruziya va Ukrainani ko'rsatib, shuningdek, Serbiya va Chernogoriyadagi o'zgarishlarni alohida e'tirof etadi.

2019 yilda o'sha paytdagi Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev Serbiya parlamentida nutq so'zlar ekan, Yaqin Sharq va Afrikada demokratik modellarni joriy etish terrorizmning tarqalishiga, davlatlarning yo'q qilinishiga va ulkan hududlar bo'ylab tartibsizliklarga olib kelishini aytgan.

2020 yilning kuzida AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Vashington o'zining tinchlik siyosatini eng so'nggi rusumdagi qurollardan foydalangan holda kuchli pozitsiya ustiga qurishini va'da qilgan.

Avvalroq, Jo Bayden AQSh qanday vaziyatda harbiy kuchdan foydalanishini ma'lum qilgandi. Prezident oliy bosh qo'mondon sifatida Amerika xalqi va AQSh ittifoqchilarining hayotiy muhim manfaatlarini himoya qilish uchun kuch ishlatishdan tortinmasligini qayd etgan.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: