Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov Namanganning Amir Temur ko'chasidagi sobiq “Kichkintoylar bog'i”da olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda viloyat hokimligi Matbuot kotibi xabar qildi.
6 gektarni egallagan mazkur hududda UMS Holding asoschisi, asli namanganlik bo'lgan tadbirkor Alisher Usmonov tomonidan Xalqaro biznes markazi qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu markaz Kongress-xoll, biznes maktabi, mehmonxona, ekopark, sport-sog'lomlashtirish inshootlarini o'z ichiga oladi. Bu yerda sun'iy ko'llar, favvoralar, avtoturargohlar barpo etiladi.
Bir muddat mazkur markaz qurilishi to'xtab qolgan va uning kelajagi borasida savollar tug'ilayotgandi.
— Xalqaro biznes markazi qurilishi bahor oylaridan boshlanadi. Bu yerda kelgusida xalqaro simpoziumlar, biznes-forumlar o'tkazilishi ko'zda tutilgan. Shu orqali Namanganga investitsiyalar kirib kelishi jadallashadi, biznes-turizm uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Mazkur markaz Namanganning o'ziga xos brendiga aylanadi, — dedi viloyat hokimi.
Ma'lumot uchun, Alisher Usmonov tomonidan Namangan shahrining Islom Karimov ko'chasida 6400 kvadrat metr maydonga ega 4 qavatli zamonaviy kutubxona ham qurib bitkazilmoqda.