Afg'onistondagi Rossiya bosh konsulxonasi diplomatlari O'zbekistonga ko'chirildi

Rossiyaning Mazori Sharifdagi bosh konsulxonasi diplomatlari vaqtincha O'zbekistonga ko'chirildi. Bu haqda RIA Novostiga O'zbekiston TIV matbuot kotibi Yusuf Kabuljanov xabar berdi.

“Hozirda Rossiya Federatsiyaning Xayratondagi konsullik muassasida ishlagan diplomatlari eson-omon O'zbekiston hududiga olib kelinganini tasdiqlayman”, – degan TIV vakili.

Sputnik nashri xabariga ko'ra, Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi mamlakatning Mazori Sharifdagi bosh konsulxonasi “vaziyat oydinlashgunicha” yopilganini ma'lum qilgan edi.
AQSh o'z qo'shinlarining 90 foizidan ko'pini Afg'onistondan olib chiqib ketgan. NATOning boshqa davlatlari ham harbiylarini mamlakatdan olib chiqib ketyapti.

Eslatib o'tamiz, Afg'onistondagi xavfsizlik bilan bog'liq vaziyat joriy yil aprelda AQSh prezidenti Jo Baydenning mamlakatdan o'z qo'shinlarini olib chiqib ketishi haqidagi bayonotidan so'ng boshlangan edi.

Natijada, Tolibon Afg'onistonning qator hududlariga hujum qildi, hozir Afg'onistonning bir necha o'nlab tumanlari toliblar nazorati ostiga o'tib ketgan.

Yangilikni do'stlaringizga ham yuboring: